9 may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan IIV Surxondaryo Akademik litseyida “Uch avlod” uchrashuvi o‘tkazildi.
Tarixga nazar solmasdan, kelajakka boqib
bo‘lmaydi. Binobarin, insonni inson etib tarbiyalashda eng yaxshi vosita bu “tarix”-
deb, bejizga aytilmagan. Ko‘pni ko‘rgan keksa va nuroniylarimiz esa tirik tarixga
qiyos qilinadi. Chunki ular ulug‘ yoshni yashab, hayot yo‘lidagi murakkab to‘siqlarni
yengib o‘tish sir-sinoatlarini yoshlarga misollar orqali o‘z tarbiyaviy ahamiyatga
ega bo‘lgan o‘gitlarini beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan
“9-may Xotira va qadrlash kuni”ni keng nishonlash, II jahon urushida g‘alabaga munosib
hissa qo‘shgan barcha mehnat va urush faxriylariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish borasida
berilgan topshiriqlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
2024 yil 29 aprel kunidagi tegishli farmoyishi talablari ijrosini ta’minlash, shuningdek,
mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ichki ishlar
organlari xodimlarining xotirasini ulug‘lash, faxriylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash
maqsadida joriy yilning 7 may kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi
tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligi Surxondaryo Akademik litseyida “Jasorat—millat
g‘ururi va iftixori” shiori ostida “Uch avlod” uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda, dastlab viloyat Ichki ishlar
boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Sh.Shadiev so‘zga chiqib, jonajon
O‘zbekistonimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik,
bag‘rikenglik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, bunday bebaho boylikni
muttasil mazmunan boyitib borish, O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida bir mushtga jipslashib,
davlatimiz rahbariga tayanch va suyanch bo‘lib xizmat qilish, kelgusi avlodlarni
shu ruhda kamol toptirish muqaddas burch ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, viloyat IIB Faxriylar
kengashi a’zosi iste’fodagi mayor B.Shodiev hamda faxriy ustozlar so‘zga chiqishib,
hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribalari, xizmat davridagi
o‘ziga xos qiyinchiliklar va mashaqqatlar haqida so‘z yuritdi.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan nuroniylar
qolaversa ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardan
oqilona foydalanish kerakligi haqida so‘zlashib, faxriy ustozlar tizimda xizmat
olib borayotgan yosh xodimlar uchun doimiy ravishda mas’ul ekanliklarini ta’kidlab
o‘tishdi.
Uchrashuv davomida, Akademik litsey o‘quvchilari
tomonidan bayram tadbiri uchun tayyorlangan she’r, qo‘shiq va badiiy sahna ko‘rinishlari
namoyish etilib, tadbirda yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq va shavq bag‘ishladi.
Tadbir so‘ngida sana munosabati bilan
faxriy ustozlar shuningdek, o‘quv darslari davomida yuqori natijalarga erishib kelayotgan
bir guruh o‘quvchilarga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari va kitoblar to‘plami
topshirildi.
Albatta bu kabi uchrashuvlarni muntazam
ravishda o‘tkazib borish, yosh avlodning harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini, ma’naviy
dunyoqarashini va intellektual salohiyatini yanada yuksaltirib, yosh avlod ongida
Vatan himoyasi har bir fuqaroning sharafli va muqaddas burchi ekanligini, davlat
va jamiyat xavfsizligini ta’minlashda mas’uliyat tuyg‘usini yanada oshirishga xizmat
qiladi.