8 May 2024 yil 400

«9 may – Xotira va qadrlash kuni» arafasida Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi.

Ikkinchi jahon urushiga Surxondaryo viloyatidan 53 ming 365 nafar yigit jo‘natilgan bo‘lib, hozirgi kunda 3 nafar urush faxriylari viloyatimizda umrguzaronlik qilishmoqda.

Shu insonlardan biri so‘lim Boysun tumanining Temir darvoza mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Shohimardon Hamroev bugun o‘n nafar o‘g‘il qizidan 100 dan ortiq nabira, 70 nafar chevara hamda 28 nafar evaralari qurshovida tinch va osuda hayot hayot kechirmoqda. Ikkinchi jahon urushiga 79 yil o‘tgan bo‘lsada, otaxon o‘sha davrlarni bir g‘am va alam bilan yodga oladi, kezi kelganida ko‘ziga yosh qalqiydi, hozirgi dorilomon kunlariga shukronalar keltiradi.

Boysun  tumanida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan birgina inson – Shohimardon Hamroev biz bilan hamnafas hayot kechirmoqda. 103 yoshni qarshilagan otaxon tinchlikni qadriga yetishni, uni sevishni har so‘zida bot-bot takrorlaydi va kelajak avlod bilan bo‘lib o‘tadigan o‘gitlarida shunga undaydi.

Bugun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismailov, tuman sektor rahbarlari va boshqa tashkilotlar vakillari Sh.Hamroevning xonadonida bo‘lishdi.

Urush faxriysiga Davlatimiz rahbarining bayram tabrigini o‘qib eshittirish asnosida, Prezidentimizning farmoniga muvofiq, Shohimardon otaga 20 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘a salomlari tantanali ravishda topshirildi.

Otaxon bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat davomida davlatimizga, Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligini izhor etib, tinch-osuda kunlarimiz bardavom bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochdi.

Text to speech