23 Oktyabr 2022 yil 534

25 oktabr–Ichki ishlar organlari xodimlari kuni Yangi sport majmua–bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi

 

Bugun Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining yopiq uslubdagi zamonaviy sport majmuasini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda davlat va jamoat tashkilotlari, Janubiy operativ qo‘mondonligi, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, faxriylar, ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilari Termiz garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi tantanavor marshlar bilan kutib olindi.

Prezidentimizning 2019 yil 17-18 oktabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari ijrosi doirasida bunyod etilgan yirik majmuani qurib, foydalanishga topshirish uchun Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘i hisobidan 6 milliard 817 million so‘m sarflandi.

Tantanali marosim avvalida viloyat hokimi To‘ra Bobolov tadbir qatnashchilarini 25 oktabr–Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. Zamonaviy usulda bunyod etilgan ikki qavatli yangi sport majmuasi ham ichki ishlar organlari xodimlariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarning yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ismoilov Abduvoxid Salomovich soha xodimlarini kasb bayramlari va yangidan barpo etilgan sport majmuasining foydalanishga topshirilishi bilan muborakbod etib, ichki ishlar organlari xodimlarining tinch, farovon hayotni ta’minlash yo‘lida olib borayotgan mashaqqatli xizmatlari va sportda erishayotgan yutuqlari haqida so‘z yuritdi. Binoni sifatli barpo etgan quruvchi Salohiddin Pardaevga minnatdorlik ramzi sifatida o‘zbekona to‘n yopdi.

Viloyat IIB faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Akram Sharofutdinov Yangi O‘zbekistonda osayishtalik posbonlarining o‘z xizmat burchini sharaf bilan ado etishi va jismonan chiniqib, salomatligini mustahkamlashi uchun yaratilayotgan bunday qulayliklar mamlakatimizni har taraflama rivojlantirish hamda aholining osuda turmushini ta’minlashda muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratdi. Xodimlarga tegishli maslahat va tavsiyalarini bildirdi.

Bino quruvchisi ramziy kalitni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sherzod Shadievga tantanali topshirdi.

Alvon tasma kesilgach, tadbir qatnashchilari viloyat hokimi boshchiligida sport majmuasini ko‘zdan kechirdi. Viloyat Ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan, sportning turli yo‘nalishlarida O‘zbekiston, Osiyo, Jahon chempioni, degan yuksak sharafga muyassar bo‘lgan xodimlarning erishgan yutuqlari bilan tanishdi. 25 oktabr –Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan sportning “Mini futbol” turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

Tadbir yakunida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor vazifalarni bajarish safarbar otryadi xodimlarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech