Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi sudyalari tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazildi
Dastlab sayyor majlisda jazo o‘tayotgan shaxslarga nisbatan probatsiya xizmati tomonidan kiritilgan taqdimnomalar ko‘rib chiqildi.
Sud-huquq
tizimida amalga oshiriladigan barcha ishlar zamirida qonun ustuvorligini ta’minlash,
odil sudlovga erishish kabi ezgu g‘oyalar yotadi. Aynan inson va adolatli sud o‘rtasidagi
o‘zaro munosabatlarda qonuniylikni va adolatni ta’minlaydigan harakatlar zamirida
xalqimizning osoyishta hamda rozi bo‘lib yashash huquqi turibdi.
Jumladan,
Uzun pedagogika kolleji binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudi raisi
Farxod Mirzaqulov raisligida o‘tkazilgan sayyor majlisda jami 6 nafar nazorat ostidagi
shaxslarni sodir etgan jinoyatidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, tuzalish yo‘liga
qat’iy o‘tganligi, sud tomonidan qo‘yilgan cheklov va ta’qiqlarga rioya qilganligi
sababli Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilish
yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi.
Aksincha,
sud tomonidan qo‘yilgan cheklov va ta’qiqlarga rioya qilmagan 1 nafar nazorat ostidagi
shaxsni ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib,
sud zalidan qamoqqa olindi.
Ushbu
sayyor majlisda ishtirok etayotgan nazorat ostidagi shaxslarga jazoni vijdonan,
namunali bajarishlari, takroran huquqbuzarlik va jinoyat sodir qilmasliklari haqida
uqtirildi.
Shuningdek,
sayyor sud majlisida tuman sudining tergov sudyasi A’zamberdi Aliqulov raisligida
ham bir nechta yo‘l harakati qoidalarini buzgan hamda transport vositalarini mast
holda boshqarganlik holati bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rildi.
Mazmunan ko‘rib chiqilgan ishlarning barchasi yuzasidan qonuniy qaror qabul qilindi.
Sayyor sud yakunida ishtirokchilarga qabul qilingan sud qarorlarining mazmun-mohiyati hamda amaldagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.