Ulug‘bek Qosimov Rossiya Federatsiyasida mavsumiy mehnat faoliyatini olib borayotgan surxondaryoliklar bilan onlayn muloqot qildi
Viloyat hokimi onlayn muloqotda jami 59 nafar fuqaro bilan suhbatlashib, ularning taklif va murojaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qildi.
Har bir fuqaro bilan o‘tkazilgan suhbat davomida tinglangan murojaatlar ijrosi viloyat hokimi tomonidan nazoratga olinib, mas’ullarga ijro uchun yo‘naltirildi.
Viloyat rahbari mutasaddilarga bu kabi onlayn muloqotlarni doimiy tashkil etish, qamrovni kengaytirish, vohalik mehnat migrantlarini muloqotga kengroq jalb etish hamda ularning muammolarini o‘rganib, oilalaridan xabar olish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shuningdek, viloyat rahbari onlayn muloqotda ishtirok etgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari bilan hamkorlikda chet elda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz bilan bog‘langan holda, ularning faoliyat yo‘nalishlariga mos ish o‘rinlarini viloyatda yaratish, ularni Vatanga qaytarish choralarini ko‘rish bo‘yicha takliflarni berdi.
Ushbu onlayn muloqot Prezident Administarsiyasi rahbarining topshirig‘iga asosan chet elda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarning muammolarini o‘rganish, ularning oilasidan xabar olish, moddiy, ma’naviy va huquqiy tomondan qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida amalga oshirildi.