To'ra Bobolov viloyat aholisiga murojaat bilan chiqdi
Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov viloyat sektorlarlari rahbarlari bilan birgalikda mahalliy televidenie orqali chiqish qilib, aholiga koronavirus pandemiyasidan ortiqcha sarosimaga tushmaslikka, bu kasallikka qarshi kurashish uchun zarur chora-tadbirlar belgilangani haqida ma'lum qildi.
- Ma'lumki, 15 mart kuni Bosh vazir tomonidan o'tkazilgan matbuot anjumanida bu virusga qarshi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, joriy holat, izolyasiyaga olingan shaxslar va aniq rejalar haqida batafsil ma'lumotlar taqdim qilindi.
Mamlakat miqyosida karatin joriy etilib, ommaviy tadbirlar bekor qilindi, qo'shni davlatlar bilan chegaralar yopildi.
Shundan kelib chiqib, viloyatimizda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo'yicha bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, 16 mart kuni viloyat hokimligida va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasida tegishli boshqarma, korxona va tashkilotlarning mas'ul xodimlaridan iborat amalga oshirilayotgan chora tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi doimiy ishlovchi shtab faoliyati tashkil etildi.
Viloyatdagi barcha yo'lovchi tashuvchi korxonalar rahbarlari ishtirokida infektsiya tarqalishini oldini olish bo'yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan yig'ilish o'tkazilib, barcha yo'lovchi tashuvchi korxonalarga dezinfektsiya ishlari bilan shug'ullanuvchi korxonalar biriktirilib, har kuni ikki marotaba jamoat transportlarini dezinfektsiya qilish tizimi yo'lga qo'yildi.
Ayni paytda viloyatdagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida 155 o'rin hamda kerakli dori-darmon vositalari tayyorlab qo'yilgan. Shuningdek, xorijdan qaytib keladigan fuqarolar uchun 250 o'rinli observasiya karantin o'rinlari shakllantirildi. Ushbu muassasalarda 13 turdagi sanitar-gigienik vositalar jamlanmasi mavjud.
Eng muhimi, aholi o'rtasida ortiqcha vahima uyg'otmaslik, bozorlardagi narx-navoning sun'iy oshib ketishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida bozorlar va savdo komplekslarda savdo yarmarkalar tashkil etildi, oziq-ovqat zaxiralari etarli shakllantirildi.
Shuningdek, soliq va departament idoralari xodimlari tomonidan bozorlar va yirik savdo majmualarida monitoring ishlari tashkil etildi va narxlarni asossiz oshirganlarga qonuniy choralar ko'rilmoqda.
Viloyat "Surxon dori-darmon" MCHJ tasarrufidagi 210 ta ijtimoiy dorixonalar zaxirasi to'liq shakllantirildi. Xususan, ushbu dorixonalarga viloyatdagi 10 ga yaqin tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan kuniga 50 ming dona tibbiy niqob (maska) etkazib berilishi va niqoblarning narxini 1000 so'mdan oshirmaslik choralari Ko'rildi va bu doimiy nazoratga olingan. Ma'lumot uchun: "Surxon dori-darmon" MCHJ omborida bugungi kun holatiga 4 tonna gipoxlorid kaltsiy, perekis vodorod 628 kg, 96%li spirt 1800kg kabi dezinfektsiya vositalari mavjud.
Shu bilan birga mavjud holatdan kelib chiqib, pandemiya bahonasida aholini qo'rquv va vahimaga solish, bu orqali tinch, barqaror muhitni izdan chiqarishni maqsad qilgan holda tarqatilayotgan xabarlarga nisbatan tezkor munosabatlar bildirilib, aholiga etarli darajada tushuntirish-targ'ibot ishlari olib borilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq xabarlar barchamizni birdek xavotirga solayotir. Ammo bugun hukumatimiz va tegishli tashkilotlar tomonidan sizu bizning xavfsizligimiz borasida tizimli ishlar olib borilayotganini aslo unutmasligimiz lozim. Faqat bunday paytlarda barchamizdan vazminlik, mavjud holatni Real baholay olish va mutaxassislar tavsiyasiga qat'iy rioya qilish talab etiladi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev koronavirus bilan bog'liq vaziyat bo'yicha xalqimizga qilgan murojaatida ham hech qanday xavotir va vahimaga berilmasdan, aksincha, bir tanu bir jon bo'lib, xotirjamlik bilan ish tutishi, belgilangan gigienik talablarni o'z vaqtida bajarib turishlari ayni paytdagi eng to'g'ri yo'l ekanligini alohida ta'kidladilar.
Binobarin, bugun dunyo hamjamiyatini o'ziga xos sinovdan o'tkazayotgan koronavirus pandemiyasini ortiqcha xavotir va sarosimalarsiz engib o'tishga aqlimiz ham, qurbimiz ham etadi. Ishonchimiz komilki, ushbu sinovli damlar butun o'zbek xalqini yanada birlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu pandemiyadan aholimizni ehtiyot qilish choralarini ko'rish maqsadida esa viloyatda men boshchilik 4 ta sektor va viloyatdagi barcha tashkilotlar rahbarlari, butun jamoatchilik, tibbiyot xodimlari bor imkoniyatimiz va kuch-g'ayratimizni safarbar etamiz, - deydi viloyat hokimi o'z murojaatida.