To'ra Bobolov: pandemiyaga qarshi bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etamiz
Surxondaryo viloyati hokimi To'ra Bobolov mahalliy televidenie orqali voha ahliga murojaat qilib, mamlakatimizga kirib kelgan koronavirus pandemiyasidan xavotir yoki vahimaga tushishga arzigulik sabab yo'qligini ta'kidladi. Infektsiya tarqab ketishining oldini olish va undan saqlanish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida atroflicha ma'lumot berdi.
Dunyo bo'ylab koronavirus tarqalgan ilk kunlardanoq yurtimizda vaziyat to'liq nazoratga olinib, zarur choralar belgilab olindi. Shu bois ham sarosimaga tushishga biron asos, vaj yo'q, deb o'ylayman. Viloyatimiz ahli osoyishta hayot kechirmoqda. Karantin munosabati bilan yopilgan ta'lim muassasalaridan tashqari, barcha ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik sub'ektlari, tashkilot, idora, bozor, umumiy ovqatlanish va savdo majmualari, transport va boshqa xizmat ko'rsatish subektlari bir maromda faoliyat yuritmoqda. Faqat ommaviy ommaviy tadbirlar bekor qilinib, qo'shni davlatlar bilan chegaralar yopildi. Chet mamlakatlarda yurgan fuqarolarimizni olib qaytish uchun charter reyslar tayyorlanib, uyushgan holda olib kelish tashkil etilmoqda.
Xorijdan kelayotgan fuqarolarimiz maxsus tayyorlangan maskanlarda karantinga olingan. Viloyat hokimligi va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasida tegishli boshqarma, korxona, tashkilotlarning mas'ul xodimlaridan iborat amalga oshirilayotgan chora tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi doimiy ishlovchi shtab faoliyati yo'lga qo'yilib, "ishonch telefon"lari ishga tushirildi. Agar sizlarni qiziqtirayotgan masala bo'lsa, bemalol murojaat qilishlaringiz mumkin. Yo'lovchilarni tashuvchi korxonalarga dezinfektsiya ishlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar biriktirilib, jamoat transportini har kuni ikki marta dezinfektsiya qilish tizimi joriy etildi.
Viloyatdagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida 155 o'rin hamda kerakli dori-darmon vositalari tayyorlab qo'yilgan. Shuningdek, xorijdan qaytib keladigan fuqarolar uchun Qumqo'rg'on va Termiz tumanlarida 250 o'rinli observasiya karantin joyi shakllantirildi. Ularga olib kelinadigan fuqarolar uchun 13 turdagi sanitar-gigienik vositalar jamlanmasi tayyorlanib, har bir fuqaroga qabul jarayonida taqdim etiladi. Karantinga olinganlarning 14 kun davomida bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida mazkur muassasalar badiiy kitoblar va sport anjomlari bilan ta'minlandi.
Aholi o'rtasida ortiqcha vahima uyg'otmaslik, bozorlardagi narx-navoning sun'iy oshib ketishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida bozorlar va savdo komplekslarda savdo yarmarkalari tashkil etildi, etarli oziq-ovqat zaxiralari shakllantirildi.
Viloyat "Surxon dori-darmon" mas'uliyati cheklangan jamiyatining 210 ta ijtimoiy dorixonasida etarli miqdorda doir-darmon mavjud. Jumladan, 4 tonna gipoxlorid kaltsiy, 628 kilogramm perekis vodorod, 1 ming 800 kilogramm 96 foizli spirt kabi dezinfektsiya vositalari bor. 10 ga yaqin tikuv-trikotaj korxonasida kuniga 50 ming dona tibbiy niqob tayyorlanib, dorixonalarga etkazib berilmoqda. Tibbiy niqoblar donasini ming so'mdan oshirmay sotish qat'iy nazoratga olingan.
Mavridi kelganda aytishim lozimki, bu baloni boshdan o'tkazgan Xitoy va Koreya tajribasi virusni qat'iy intizom va o'zaro ishonch orqaligina qisqa muddatlarda engish mumkinligini namoyish etdi. Ko'hna tarixdan xalqimizning bundan ming karra og'ir kunlarni boshdan kechirganini yaxshi bilamiz. Bu sinovli damlar xalqimizni yanada jipslashtirib, pandemiyani xavotir va sarosimalarsiz o'tkazishga kuch bag'ishlamoqda. Sizlardan faqat mutaxassislar tavsiyasi asosida sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilgan holda vahimaga tushmasdan harakatlanishni so'rab qolaman.
Ushbu pandemiyadan sizlarni ehtiyot qilish choralarini ko'rish uchun viloyatda men boshchilik to'rtta sektor va barcha tashkilotlar rahbarlari, tibbiyot xodimlari, jamoatchilik faollari bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etamiz.