9 May 2023 yil 437

Termiz shahridagi Xotira maydonida ajdodlarimiz yodga olinib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Inson uchun tinchlik bebaho ne’matdir. Osoyishtaligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Shundanmi o‘zbek xalqi azal-azaldan tinchliksevarlik targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma’naviy merosga ega. 9 may sanasini Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi. Termiz shahridagi Xotira maydonida ham bugungi nurafshon xotirjamlikni bizga baxshida etgan ajdodlarimiz yodga olindi.

Viloyat xokimligi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va huquqtartibot organlari, vatan himoyachilari jam bo‘lgan maydon uzra harbiy orkestr tomonidan g‘alaba va xotira kuylari sadosi ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Garchi qaddi bukilgan bo‘lsada, bugungi yorug‘ kunlardan, tinchlik va osoyishtalikdan, atrofi gulchambarlarga to‘lib, go‘yoki parishon onaning huzuri bayramona ko‘rinish oldi.

Tadbirda Vatan himoyachilari xotirlanib, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasi keltirildi.

San’at saroyi bog‘ida urush yillarida foydalanilgan harbiy texnikalar, qurol aslahalar bilan tanishish asnosini beruvchi ko‘rgazmali “front maydoni”ni eslatuvchi jonli sahna yasatilgan. Ushbu hududga tashrif buyurganlar urush yillari gavdalangan manzaraning guvohi bo‘lishdi.

Bayram munosabati bilan yozilgan bir dasturxon atrofida nuroniy va faxriylar, tadbir ishtirokchilari dildan suhbat qurishib dorulomon kunlarga shukronalar keltirishdi.

Ona Vatan oldida ajdodlar xizmati e’tirof etilib, ularning ruhi yodga olindi. Zero xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech