Tamaki mahsulotlarining inson organizmiga salbiy ta’sirlari
Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish inson salomatligi uchun zarardir. Hozirgi kunga kelib, dunyo miqyosida chekuvchilar soni tobora ortib bormoqda. Yoshlar va xotin-qizlar orasida kashandalikning tarqalishi esa juda ayanchli holdir.
Zamonaviy tibbiyot natijalariga suyangan holda shuni aniq aytishimiz mumkinki, tamaki tarkibida yigirmadan ortiq zaharli moddalar mavjud bo‘lib, ular ichida eng zaharlisi nikotindir. Inson sigareta chekkanda, nikotin tutun orqali o‘pkaga, keyin esa qonga so‘rilib, yurak-qon tomir sistemasiga salbiy ta’sir etadi. Qon tomirlari torayib, bosim oshadi. Yurak urishi tezlashadi. Bu holat yurak muskullarini ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Bu hol tez-tez takrorlanavergach, borib-borib yurak infarkti, stenokardiya kabi kasalliklar boshlanishi mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, chekuvchilarda chekmaydiganlarga nisbatan o‘n ikki marta ko‘proq yurak-qon tomir xastaliklari uchraydi.Tamaki bosh miya hujayralariga ham ta’sir etmay qolmaydi. Chekuvchida uyqusizlik, bosh og‘rig‘i boshlanadi. Oqibatda esa markaziy nerv sistemasi faoliyati buziladi. Ko‘p chekadigan kishi tez-tez balg‘am tashlaydi. Tez yursa, jismoniy mehnat qilsa, hansiraydigan bo‘lib qoladi. Ayrim hollarda ko‘p tamaki iste’mol qilish chekuvchini ruhiy xastaliklarga duchor qilishi mumkin.
Tamaki chekish nafas olish sistemasiga ham zararli ta’sir qiladi. Tamaki tutuni tarkibidagi zaharli moddalar turli xil o‘pka xastaliklari – bronxit, sil, hattoki saraton (rak) kasalliklariga olib kelishi kuzatilgan.
Tamaki ovqat-hazm organlariga ta’sir qilishi natijasida kishida ishtaha yo‘qoladi, og‘izda bemaza ta’m paydo bo‘ladi, so‘lak bezlari faoliyati buziladi. So‘lak bilan oshqozonga tushgan nikotin kislotasi uning devorlarini zararlaydi. Jig‘ildon qaynaydi. Me’da keragidan ortiq shira ishlab chiqaradi. Bu esa me’da o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kabi kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Tibbiyotda kashanda otadan yoki onadan bo‘lgan bola tug‘ilmay nobud bo‘lishi, tug‘ilganda esa nimjon, kasalmand bo‘lib tug‘ilishi ma’lum. Kashandalik tamaki chekishga mukkasidan ketishlik, hattoki insonni ko‘r bo‘lib qolishiga olib kelarkan. Tamaki chekuvchi tomonidan tashqariga chiqarilgan tutun tarkibida zaharli moddalar konsentratsiyasi ko‘p bo‘ladi. Bunday holatda chekmaydigan odamlar ham majburiy ravishda chekishga o‘rganib qolishlari mumkin.Ko‘pchilik tanishlarimiz, do‘stlarimiz bilan chekish to‘g‘risida bahslashganimizda, ular siqilganda chekishlarini aytib, o‘zlarini oqlashga urinishadi. Go‘yoki tamaki inson g‘amini aritadigandek. Axir bu holat «burgaga achchiq qilib ko‘rpa yoqish» kabi emasmikan. Bugunda sigaretning turlari ko‘paydi. Ularning xilma-xilligiga barchamiz guvohmiz. Tamaki chekishning zararli oqibatlari haqida, deyarli, barcha ommaviy axborot vositalari yordamida yoritilib borilayotgan bir paytda, tamaki mahsulotlari reklama qilinib, reklama roliklariga chiqishi nihoyatda xunuk holdir. Rang-barang qutilar qanchalik jiloli bo‘lmasin, uning ichidagi og‘u ekanligini unutmaslik kerak. Tamaki qutisidagi bir enlik «chekish sog‘liq uchun xavfli» deyilgan yozuvga esa kashandalar, deyarli, hech qachon e’tibor berishmaydi.