14 Yanvar 2022 yil 479

Surxondaryoda osoyishta hayotimiz posbonlari sharaflanmoqda

Termiz shahridagi san'at saroyida bo'lib o'tayotgan tantanali tadbirda Prezidentimizning O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini Surxondaryo viloyat hokimi, harbiy-ma'muriy sektor rahbari To'ra Bobolov o'qib eshittirdi.
So'nggi yillarda qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tinch, obod hayotimizni ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz, Qurolli kuchlar Oliy Bosh qo'mondoni Shavkat Mirziyoev g'oyasi bilan davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar bo'yicha qat'iy pozisiyasini ifoda etadigan Mudofaa doktrinasi ishlab chiqilgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo'layotir. Bu jarayonda joylarda harbiy-ma'muriy sektorlar tashkil etilgani mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritib, armiya va xalq birligini ta'minlash va hududiy mudofaa masalalarini echishda hal qiluvchi organ vazifasini o'tamoqda.
Mamlakatimiz janubidagi Surxondaryo viloyatida ham harbiy-ma'muriy sektor yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qo'shinlarning kundalik faoliyatini samarali tashkil etish, harbiy xizmatchilar va ular oilasining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda harbiy shaharchalar, poligonlar infratuzilmasini rivojlantirishda harbiy tuzilmalar komandirlariga yaqindan ko'maklashmoqda.
Tantanali tadbirda bir guruh harbiy xizmatchilar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Qurolli kuchlar orkestr va ansambl jamoalari, san'at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi kontsert dasturi barchaga manzur bo'lmoqda.

Text to speech