Surxondaryoda ichki ishlar idoralarining bir guruh xodimlari bayram munosabati bilan taqdirlandi
Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning barqarorligi iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotning, xalqimiz farovonligining ishonchli kafolati bo'lib xizmat qilmoqda. Bunda ichki ishlar idoralari xodimlarining ham alohida o'rni bor.
O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlari kuni keng nishonlanayotgani ushbu mas'uliyatli kasb sohiblariga bo'lgan e'tiborning yorqin namunasidir. Ushbu sana munosabat bilan Termiz shahridagi san'at saroyida bo'lib o'tgan tantanali tadbirda ichki ishlar idoralari xodimlari va faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi To'ra Bobolov keyingi yillarda ichki ishlar organlari xodimlariga yaratilayotgan sharoitlar va erishilayotgan natijalarni alohida ta'kidlab, soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Qayd etildiki, so'nggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlarini tubdan isloh qilib, sohani chinakam xalqparvar tuzilmaga aylantirishga qaratilayotgan e'tibor tinch, osuda hayotimizni ta'minlashda o'z samarasini bermoqda. Yurtimizda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, boshqa muhim vazifalarni amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Xususan, viloyat hududida 100 ming aholiga nisbatan o'rtacha 115,5 tadan jinoyat to'g'ri kelib, bu ko'rsatkich Respublika bo'yicha ijobiy 3-o'rinda.
Prezidentimizning tashabbusi bilan yuz berayotgan yangilanishlar jarayonida sohaning eng quyi bo'g'ini - mahallada xavfsiz muhit yaratish bo'yicha ishlash uslubi tubdan o'zgardi. Jinoyatchilikni jilovlash, aholi uchun munosib sharoitlarni yaratish borasida yangicha "Mahallabay" va "Fuqarobay" ishlash uslubiga o'tildi.
Fuqarolarga yaqindan yordam ko'rsatish ularning muammo va shikoyatlarini o'z vaqtida xal etish maqsadida, viloyatda 18 nafar shtat birligidan iborat, murojaatlar bilan ishlash guruhi tashkil etildi.
Avvallari ayrim hududlarda profilaktika inspektori yetishmagani sababli bir inspektor 2-3 mahallaga xizmat qilgani, bunday tartib ularga ko'p hollarda ortiqcha vazifalarni yuklagani sir emas. Endilikda har bir mahallada profilaktika inspektori lavozimi joriy etilib, fuqarolar yig'ini raisining huquq-tartibot masalalari bo'yicha o'rinbosari vazifasini bajarish ham ularga yuklatildi. Profilaktika inspektori mahalla raisi bilan kamida 5 yil birga ishlashi belgilab qo'yildi. Bu o'zgarishlar fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilib, hududlarda tinch, to'kin hayotni ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda viloyatdagi 727 ta o'zini-o'zi boshqarish organining har birida bir nafardan profilaktika inspektori xizmat olib borayotgani, ular hududning o'zida xizmat uylari va xizmat xonalari bilan taminlanayotgani hamda jinoyatdan holi mahallalar safi kengayib borayotgani bunga yaqqol dalildir.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi T. Bobolov ichki ishlar idoralarining bir guruh xodimlari viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirladi.
Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, polkovnik A.Ismoilov O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonovning bayram tabrigini o'qib, eshittirdi. Bir guruh xodimlarga ichki ishlar vazirligining "a'lo xizmati uchun", I, II, III darajali "ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun" ko'krak nishonlari, faxriy yorliq, esdalik va qimmatbaho sovg'alarini topshirdi.
Tadbir davomida san'atkorlarning qiziqarli kontsert dasturi namoyish etildi.
Soha xodimlari uchun bir piyola choy tashkil qilinib, san'atkorlar va qiziqchilarning chiqishlari bayram ishtirokchilarining ko'nglini hushnud etgan bo'lsa, sohada xizmat olib borayotgan ayol xodimalar hamda sektor rahbarlari va bir qator soha xodimlariga qimmatbaho esdalik sovg'alari ulashildi.