Surxondaryoda 4 ta tumanda "xavfsiz hudud" tadbirlari o'tkazildi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti administrasiyasining topshirig'iga asosan, Surxondaryo viloyati hududida jamoat tartibini saqlash, jamoat xavfsizligini ta'minlash, jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo'yish borasida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo'lgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda jinoyat ishlari bo'yicha sudi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda qo'shma qaror ishlab chiqildi. Unga ko'ra, viloyatning 15 ta shahar-tumanlariga huquqni muhofaza qiluvchi organlardan iborat 2 ta ishchi guruh tuzilib, amaliy yordam ko'rsatish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida hududlarga yuborildi.
Ishchi guruh qo'shma qarorda belgilangan 11 ta yo'nalish bo'yicha Termiz shahar va barcha tuman hududlarida jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta'minlash, jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo'yish borasida kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o'tkazdi.
Maxsus tadbirlarni o'tkazish uchun hududiy ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, tadbir natijalariga ko'ra tegishli qarorlar qabul qilish bo'yicha viloyat IIBda ham tezkor shtab tashkil etildi.
"Xavfsiz hudud" tadbirlari dastavval, jinoyatchilik oshgan hududlarda, xususan, Termiz, Sherobod, Denov hamda Jarqo'rg'on tumanlarida 3 kun davomida olib borildi. Unda asosan, jamoat joylarida spirtli ichimlik ichish, mayda bezorilik, pasport-viza tartib-qoidalariga rioya etmaslik va boshqa toifadagi 6882 ta ma'muriy huquqbuzarliklar aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan chora Ko'rildi.
Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etgan yoki jinoyat sodir etishga moyil bo'lgan shaxslar, nazoratsiz va qarovsiz holdagi voyaga etmaganlarni, fohishalik bilan shug'ullanuvchi engil tabiatli ayollar ham aniqlanib, saralash guruhlariga olib kelingan 2703 nafar fuqaro bilan profilaktik suhbatlar ham olib borildi.
Viloyat IIB tezkor xodimlarining sa'y-harakati bilan 23 ta Qidiruvdagi shaxs ushlangan bo'lsa, giyohvandlik bilan bog'liq jinoyatlarni ochish jarayonida 376 gramm giyohvand modda aniqlanishiga erishildi.
Tadbirlar jarayonida viloyat YHXB xodimlari ham faollik ko'rsatishib, 36 941 ta qoidabuzarlik aniqlashdi va huquqbuzar haydovchilarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Kuzatuvlarga ko'ra, qoidabuzarliklar asosan mast holatda yoki tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshqarish, svetoforning qizil chirog'iga rioya etmaslik kabi holatlarni tashkil etdi.
Bundan tashqari, tadbir davomida profilaktik hisobga olingan shaxslar va mahkumlar soni 261 nafarni tashkil etdi. Sud tomonidan qo'yilgan taqiq va cheklovlarni bajarmaganligi uchun 17 nafar mahkumning o'talmay qolgan axloq tuzatish ishi jazosi esa ozodlikdan cheklash jazosiga almashtirildi.
Aytish kerakki, uzoq muddat boshqa davlatlarda yashab, pandemiya davrida charter reyslar bilan kirib kelgan, "sertifikat" bilan qaytgan yoki deportasiya qilingan, diniy ekstremistik oqimga mansub, muqaddam o'ta og'ir yoki og'ir turdagi jinoyatlar sodir etgan shaxslar ham profilaktik taftishdan o'tkazildi. Qolaversa, o'ta og'ir, og'ir va mulkiy turdagi jinoyatlarni oldini olish, sodir etilganlarini izi yo'qolmasdan fosh etishga qaratilgan maqsadli tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlarining natijalari birinchi rahbarlar huzurida chuqur tahlil etilib, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman muvofiqlashtirish boshqarma boshliqlari hamda boshqa mas'ullar faoliyatiga baho berildi.
Zimmasiga yuklatilgan vazifalarga mas'uliyatsizlik bilan yondashgan, tashkilotchilik, talabchanlik, tahliliy nazorat ishlarini bo'shashtirgan,
tezkor-qidiruv va profilaktik natijalari qoniqarsiz bo'lgan mas'ul rahbarlarga nisbatan ta'sirchan choralar Ko'rildi.
Eslatib o'tamiz, "xavfsiz hudud" tadbirlari hali davom etmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati