Surxondaryoda osoyishta hayotimiz posbonlari sharaflandi
Termiz shahridagi San’at saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini Surxondaryo viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov o‘qib eshittirdi.
So‘nggi yillarda qurolli kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tinch, obod hayotimizni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham jiddiy ahamiyat berilmoqda. Faqat so‘nggi bir yilning o‘zida 3 mingdan ortiq harbiylar uy-joy bilan ta’minlandi, salkam 2 ming harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berildi, 4 mingdan ziyod harbiylarning turmush o‘rtoqlari kasbga o‘qitilib, ishga joylashtirildi, 1250 nafar harbiy pensionerning bandligi ta’minlandi.
Navqiron avlodimizni bugungi axborot makonida mavjud tahdidlardan himoya qilish, ularda yot va zararli g‘oyalarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi amaliy ishlar samaradorligi oshirildi.
Tabiiyki, ushbu vazifalarni bajarishda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” degan tamoyildan kelib chiqib, harbiy-ma’muriy sektorlar va keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda joylarda harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etilgani mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritib, armiya va xalq birligini ta’minlash va hududiy mudofaa masalalarini yechishda hal qiluvchi organ vazifasini o‘tamoqda.
Mamlakatimiz janubidagi Surxondaryo viloyatida ham harbiy-ma’muriy sektor yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qo‘shinlarning kundalik faoliyatini samarali tashkil etish, harbiy xizmatchilar va ular oilasining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda harbiy shaharchalar, poligonlar infratuzilmasini rivojlantirishda harbiy tuzilmalar komandirlariga yaqindan ko‘maklashmoqda.
Tantanali tadbirda bir guruh harbiy xizmatchilar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Qurolli Kuchlar orkestr va ansambl jamoalari, san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi barchaga bayram kayfiyatini ulashdi.