"Surxondaryoda bloger boshiga qop kiydirilib kaltaklandi. U Sattoriy sudini yoritgan edi?"mazmunida ba'zi bir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video murojaat yuzasidan rasmiy munosabat:
2021 yilning 10 aprel kuni viloyat hududida blogerlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi Ne'matov Bexruz "You tube" dagi "Bekruz Nematov" nomli kanalida video murojaatni joylashtirib, ushbu video murojaatda "juma kuni kechasi taxminan soat o'n – o'n bir (22-00, 23-00)larda yashash uyiga qaytayotgan vaqtida uyining yonida noma'lum bir nechta shaxslar tomonidan uni boshiga qop kiydirib avtomashinaga o'tirg'izib, 15-20 daqiqa yurib, qumli joyda to'xtaganligi va stolga o'tirg'izib, keyin oyog'iga bir necha marotaba dubinka bilan urganligi, undan nima sababdan Sattoriy Otabekning sudiga boryapsan, nima uchun o'lgan odamni ishini ko'taryapsan, nima uchun bunday ishlar qilyapsan?"- deb, so'rab urganligini" ma'lum qilgan.
2021 yilning 10 aprel kuni, mazkur video murojaat yuzasidan Surxondaryo viloyat IIBning mas'ul xodimlari tomonidan B.Ne'matovga telefon qilib, holat yuzasidan ariza bilan murojaat qilishi, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari ichki ishlar organi xodimlari tomonidan himoya qilinishi tushuntiriladi. B.Ne'matov hech kimga nisbatan e'tirozi va da'vosi yo'qligini va ariza bermasligini ma'lum qiladi.
Holat bo'yicha B.Ne'matov tomonidan chiqarilgan video tasvirlarni Qashqadaryo viloyatida tug'ilgan, hozirgi kunda Rossiya Federasiyasida yashab kelayotgan bloger Shokir Musaev o'zining "You tube" dagi "Shokir Musaev" nomli kanaliga joylashtirib, "Surxondaryoda blogerlarga ov boshlandi, Surxondaryoda mafiya bor, bu mafiyani boshida kim turibdi?"kabi so'zlar bilan qoldirgan post yuzasidan Surxondaryo viloyat IIB TEQKB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida, hozirgi kunda Rossiya Federasiyasida yashovchi Musaev Shokir Zokirovich ekanligi aniqlanib, u Kanada davlatida yashovchi Ulug'bek Ashur ismli bloger bilan o'zaro til biriktirib, o'zlarining g'ayriqonuniy maqsadlarini amalga oshirish uchun B.Ne'matovga telegramm orqali aloqaga chiqib, B.Ne'matovga "O.Sattoriyni suddan ozodlikka tezroq chiqarish uchun bir ish "piar" qilamiz va shu bahonada butun jahon ijtimoiy tarmoqlarida kuzatuvchilaringiz ko'payib ketadi, internetda tezroq tanilasiz!"-deb, SMS xabari yuborganligi, B.Ne'matov buning uchun nima ish qilishim kerak deb Sh.Musaevga SMS yuborganida, U.Ashur tomonidan B.Ne'matovning telegrammiga "2021 yilning 02 aprel kunidagi o.Sattoriyning sudidan chiqqanimdan so'ng, kechqurun saot 23:00larda yashash uyimga qaytib kelganimda meni uyimning yonida noma'lum shaxslar meni boshimga qop kiydirib, avtomashinaga o'tirg'izib olib ketdi, 15-20 daqiqa vtomashinada yurib, noma'lum tomonga olib borib, stolga o'tirg'ib oyog'imga bir necha marotaba dubinka bilan urib, mendan nima sababdan Sattoriy Otabekning sudiga qatnashyapsan, nima uchun o'lgan odamni ishini ko'taryapsan, nima uchun bunday ishlarga aralashyapsan deb so'rab duch kelgan joyimga urishdi va yana bir marta o.Sattoriyni sudiga borib, sud jarayonini chiqaradigan bo'lsang o'zingdan ko'r" degan matnli SMS yozuvlar yuborib, "shu yozuvlarni aytib, ijtimoiy tarmoqqa chiqaring, shundan keyin o.Sattoriy tezroq ozodlikka chiqadi!"-degan, SMS yozuvlarni yuborib, B.Ne'matovdan foydalanib ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishganligi, Respublika fuqarolari orasida Surxondaryo viloyati hokimiyati va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga nisbatan qarshi fikrlar paydo bo'lishiga va ishonchsizlik kayfiyati uyg'onishiga sabab bo'lib kelmoqda.
B.Ch.Ne'matov yuqoridagi holat yuzasidan 2021 yilning 12 aprel kuni o'zining "You tube" dagi "Bekruz Nematov" nomli kanaliga ushbu holat yuzasidan takroriy video murojaat yo'llab, unda yuqoridagi holat aslida bo'lmaganligini, Shokir Musaev va Xaydarov Ulug'bek Ashuralievichlarning ta'sirida videomurojaat chiqarganligini ma'lum qilib, o'z murojaatida yoshlar va ijtimoiy tarmoq faollaridan Shokir Musaev va Ulug'bek Ashur kabi shaxslarning xiyla nayranglariga tushib qolmasligi to'g'risida ogohlantirib, o'zining xatti-harakatlaridan pushaymonligini bildirib o'tgan.
B.Ch.Ne'matovning ijtimoiy tarmoqdagi video murojaati yuzasidan tayinlangan sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko'ra, uning tanasida tashqi ko'rinishidan biron bir tan jarohati, qontalash, yara va shilinishlar kabi tan jaroxat izlari aniqlanmagan.
Ma'lumot o'rnida bir eslatma, O'zbekiston Respublikasida 2021 yilning 24 oktyabr kuni Prezident saylovi o'tkaziladi. Saylov siyosatiga aralashish, shuningdek davlat hokimiyati va organlari rahbarlari nomiga dog'tushiruvchi unga qarshi xar xil uydirma, bo'xton hamda asoslanmagan yolg'on ma'lumotlar orqali shov-shuvlar ko'tarib, xalqning fikrini buzishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar O'zbekiston Respublikasi qonunlarida javobgarlikka tortilishga sabab bo'ladi.
Mazkur holat yuzasidan prokuratura tomonidan batafsil o'rganish ishlari olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati