27 Yanvar 2025 yil 694

Surxondaryo viloyati IIBda viloyat sektor rahbarlari ishtirokida “Mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda yangicha yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini tashkil etish bo‘yicha viloyat darajasidagi manzilli chora-tadbirlar” muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvar kunidagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosi yuzasidan  video-selektor tarzidagi tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilishda, viloyat prokurori adliya katta maslahatchisi Baxtiyar Babadjanov, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Timur Ismailov, viloyat Soliq boshqarmasi boshlig‘i Erkin Narmanov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Rustam Jabborov, viloyat prokurori o‘rinbosarlari, viloyat IIB boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, Milliy gvardiya boshqarmasi mas’ullari, viloyat IIB barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman studiyalaridan sektor rahbarlari, tuman IIB  boshlig‘i o‘rinbosarlari,  barcha sohaviy xizmat xodimlari, tuman soliq bo‘limi boshliqlari, tuman Milliy gvardiya bo‘limi huzuridagi Qo‘riqlash bo‘limi mas’ullari ishtirok etishdi.
Viloyat IIB boshlig‘i polkovnik T.Ismailov kun tartibidagi masalani tanishtirib, viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan qizil toifa sirasiga kiritilgan 121 ta mahallalarga biriktirilgan mas’ullarga jinoyatchilikni jilovlash, mahalla yettiligi a’zolari faoliyatini to‘g‘ri tashkil etgan holda jinoyat o‘sishiga sharoit yaratib berayotgan omillarni chuqur tahlil qilib, bu boradagi ishlarni samarali olib borish, axborot texnologiyalari sohasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni barvaqt oldini olish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Viloyat prokurori adliya katta maslahatchisi B.Babadjanov ham davlatimiz rahbari tomonidan qaror asosida belgilab berilgan vazifalarni har-bir hududga biriktirilgan mas’ullar vijdonan bajarishlari, viloyat hamda  Respublika rahbariyati huzurida har oy, har chorak va har olti oy yakunlarida o‘tkaziladigan muhokama yig‘ilishlarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berib borish, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbar va mas’ullar lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralari qo‘llanilishi haqida takror ogohlantirildi.
Yig‘ilish davomida,  Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Rustam Jabborov tomonidan Qo‘riqlash xizmatlari xodimlari tomonidan hududlarni kameralashtirish, bino va inshootlarni, aholi xonadonlarini qo‘riqqa olish ishlarini shahar-tuman sektor rahbarlari bilan hamkorlikda faoliyatini yanada jonlantirish taklifi bildirildi.
Shuningdek, viloyat-shahar va tuman studiyalaridan qatnashayotgan mas’ullarning kun tartibidagi masala yuzasidan muammo va takliflari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida, viloyat prokuraturasi hamda viloyat IIB tomonidan ishchi guruhi tashkil qilinib, joylarga chiqqan holda kunlik amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilib borish va aniqlangan muammo va kamchilliklarni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Text to speech