#xavfsiz_va_soglom_yurt Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i tomonidan Denov tumanida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarorlari ijrosi hamda mahallalarda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasidagi ishlar o‘rganildi.
Kuni kecha Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Timur Ismailov kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan Denov tumanidagi “Bog‘inav” mahallasiga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirib, mahalla yettiligi a’zolari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida, mahalla hududida
jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, mahallani xavfsiz
hududga aylantirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida ishlab chiqilgan
yo‘l xaritasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, jamoat tartibini
mustahkamlash, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va yo‘l harakati qoidalariga
rioya etilishi masalalariga alohida urg‘u berildi. Viloyat IIB boshlig‘i ushbu yo‘nalishlarda
olib borilayotgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan birga Prezidentimizning
2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori ijrosi, ijtimoiy profilaktika hamda mahalla
yettiligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganilib, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan
tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Uchrashuv yakunida, tuman mas’ullariga mahallalarda fuqarolar xavfsiz yashashlari uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi aytilib, mahalla hududini xavfsiz maskanga aylantirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.