Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan navbatdagi “Ommaviy sayyor qabul”i Sariosiyo tumanida tashkil etildi.
Yurtimizda mas’ul rahbarlar tomonidan aholining dard-u tashvishi bilan yashash, ularning muammolarini o‘rganish va bartaraf etish bugunning eng dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Shu boisdan yurtdoshlarimizning o‘z turmushidan va bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash har bir rahbarga alohida mas’uliyat yuklamoqda.
Fuqarolar tomonidan
sud-huquq masalalari bo‘yicha kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarni aholi bilan
bevosita muloqot qilish orqali har tomonlama chuqur o‘rganish va qonuniy hal etish,
fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, hafta davomida kundalik
mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan aholiga qulaylik yaratish hamda murojaat qiluvchilarning
Ichki ishlar organlari rahbarlari bilan ochiq muloqot qilishlarini osonlashtirish
maqsadida, 2025 yil 10 may kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i
polkovnik Timur Ismailov tomonidan Sariosiyo tumani hokimligi binosida jismoniy
va yuridik shaxslar bilan “Ommaviy sayyor qabul”i o‘tkazildi.
Unda viloyat Ichki
ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmat rahbarlari,
tuman hokimi hamda tuman mas’ullari ishtirok etishdi.
“Ommaviy sayyor qabul”
davomida fuqarolar o‘zlarining tergov — surishtiruv, ichki ishlar organlari tizimiga
ishga tiklanish, ishga qabul qilish, yo‘l harakati xavfsizligi, fuqarolikni rasmiylashtirish,
oila turmush doirasidagi nizolarga barham berish, mol-mulk mojarosi, mulkka zarar
yetkazgan shaxslarga chora ko‘rish, pul oldi berdi masalasi, probatsiya hisobidan
chiqarish va boshqa turli ichki ishlar sohasiga oid masalalar yuzasidan murojaatlar
qilishdi.
Qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar sohaviy xizmatlar tomonidan ko‘rib chiqish uchun muddat talab etganligi sababli, ushbu murojaatlarning ijrosi boshqarma boshlig‘i tomonidan alohida nazoratiga olindi.