9 Iyun 2025 yil 207

Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan navbatdagi “Ommaviy sayyor qabul”i Muzrabot tumanida tashkil etildi.

Yurtimizda mas’ul rahbarlar tomonidan aholining dard-u tashvishi bilan yashash, ularning muammolarini o‘rganish va  bartaraf etish bugunning eng dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Shu boisdan yurtdoshlarimizning o‘z turmushidan va bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash har bir rahbarga alohida mas’uliyat yuklamoqda.

Fuqarolar tomonidan sud-huquq masalalari bo‘yicha kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarni aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali har tomonlama chuqur o‘rganish va qonuniy hal etish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, hafta davomida kundalik mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan aholiga qulaylik yaratish hamda murojaat qiluvchilarning  Ichki ishlar organlari rahbarlari bilan ochiq muloqot qilishlarini osonlashtirish maqsadida, 2025 yil 5 iyun kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Timur Ismailov tomonidan Muzrabot tumani hokimligi binosida jismoniy va yuridik shaxslar bilan “Ommaviy sayyor qabul”i o‘tkazildi.

Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tegishli sohaviy xizmat rahbarlari, tuman hokimi hamda tuman mas’ullari ishtirok etishdi.

“Ommaviy sayyor qabul” davomida fuqarolar o‘zlarining tergov — surishtiruv, ichki ishlar organlari tizimiga ishga tiklanish, ishga qabul qilish, yo‘l harakati xavfsizligi, fuqarolikni rasmiylashtirish, oila turmush doirasidagi nizolarga barham berish, mol-mulk mojarosi, mulkka zarar yetkazgan shaxslarga chora ko‘rish,  pul oldi berdi masalasi, probatsiya hisobidan chiqarish va boshqa turli ichki ishlar sohasiga oid masalalar yuzasidan murojaatlar qilishdi.

Qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar sohaviy xizmatlar tomonidan ko‘rib chiqish uchun muddat talab etganligi sababli, ushbu murojaatlarning ijrosi boshqarma boshlig‘i tomonidan alohida nazoratiga olindi.

Text to speech