Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan navbatdagi “Ommaviy sayyor qabul”i Denov tumanida tashkil etildi.
Yurtimizda mas’ul rahbarlar tomonidan aholining dard-u tashvishi bilan yashash, ularning muammolarini o‘rganish va bartaraf etish bugunning eng dolzarb masalalaridan biriga aylandi. Shu boisdan yurtdoshlarimizning o‘z turmushidan va bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash har bir rahbarga alohida mas’uliyat yuklamoqda.
Fuqarolar tomonidan sud-huquq masalalari bo‘yicha kelib
tushayotgan ariza va shikoyatlarni aholi bilan bevosita muloqot qilish orqali har
tomonlama chuqur o‘rganish va qonuniy hal etish, fuqarolarning qonuniy huquq va
manfaatlarini himoya qilish, hafta davomida kundalik mehnat foliyati bilan band
bo‘lgan aholiga qulaylik yaratish hamda murojaat qiluvchilarning Ichki ishlar
organlari rahbarlari bilan ochiq muloqot qilishlarini osonlashtirish maqsadida,
2025 yil 3 may kuni Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik
Timur Ismailov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Denov tumanidagi
Xalq qabulxonasi binosida jismoniy va yuridik shaxslar bilan “Ommaviy sayyor qabul”i
o‘tkazildi.
Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari,
tegishli sohaviy xizmat rahbarlari, tuman hokimi Ilxom Abrorov, O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyat Xalq qabulxonasi mudirasi Dilbar
Suvonova, Denov tuman Xalq qabulxonasi mudiri Hayitqul Astanaqulov hamda tuman
mas’ullari ishtirok etishdi.
“Ommaviy sayyor qabul” davomida fuqarolar o‘zlarining
tergov — surishtiruv, ichki ishlar organlari tizimiga ishga tiklanish, ishga qabul
qilish, yo‘l harakati xavfsizligi, fuqarolikni rasmiylashtirish, oila turmush doirasidagi
nizolarga barham berish, mol-mulk mojarosi, mulkka zarar yetkazgan shaxslarga chora
ko‘rish, pul oldi berdi masalasi, probatsiya hisobidan chiqarish va boshqa
turli ichki ishlar sohasiga oid masalalar yuzasidan murojaatlar qilishdi.
Qilingan murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal
etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar sohaviy xizmatlar tomonidan ko‘rib chiqish uchun
muddat talab etganligi sababli, ushbu murojaatlarning ijrosi boshqarma boshlig‘i
tomonidan alohida nazoratiga olindi.