Surxondaryo viloyati IIB tarkibida xizmat olib borayotgan xodimalar bilan “Ayol baxti” mavzusida psixologik-trening mashg‘uloti o‘tkazildi.
Ayol azaldan mehr-shafqat va sadoqat timsoli bo‘lib kelgan. Ayol deganda ko‘z o‘ngimizda avvalo, ulug‘ va tabarruk ona siymosi gavdalanadi.
Shu munosabat bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli buyruq talablari asosida Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mutaxassis-psixologlari hamda psixolog-kansultant Nigina Xudoyberdieva bilan hamkorlikda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tarkibida xizmat olib borayotgan xodimalar bilan “Ayol baxti” mavzusida davra suhbati va psixologik-trening mashg‘uloti o‘tkazildi.
O‘tkazilgan davra suhbati va psixologik-treningdan ko‘zlangan maqsad xodimalarda psixologik holatni mustahkamlash uchun hozirda ularda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan emotsional bosimni yechish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Davra suhbati va psixologik-trening davomida qatnashchilar o‘zlarini psixologik boshqarishning ba’zi bir usullari, o‘z ustida muvaffaqiyatli ishlash uchun kerakli sharoitlar yaratish yo‘llari, shaxsiy hayotda hususan oilada vujudga keladigan muammolarni oldini olish hamda ularga yechim topish, shaxsiy ko‘nikmalar rivojalinishini mukamallashtirish texnikalari bilan tanishishdi. Bundan tashqari ular stress nimaligi, uning oldini olish va bartaraf etish yo‘llari hamda stressga moslashish usullarini haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Psixologik-trening so‘nggida ayollar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi, shuningdek o‘z tassurotlari bilan o‘rtoqlashib, ushbu ko‘rinishdagi psixologik-treninglarni doimiy ravishda o‘tkazish maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o‘tishdi.
Hozirda Surxondaryo viloyati Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida salbiy holatlarni oldini olish, ularning ruhiy salomatligini muhofaza qilish, jamoalardagi ma’naviy-ruhiy muhit barqarorligini ta’minlash, ularning xizmat va dam olish sharoitlarini yaxshilash, oilaviy-maishiy muammolarini o‘rganish va ijobiy hal etishda ko‘maklashish, xodimlardagi ruhiy o‘zgarishlarning sabablarini chuqur o‘rganib, tahlil qilish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy, amaliy va tarbiyaviy profilaktik chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.