23 Mart 2023 yil 219

Surxondaryo viloyati Bandixon tumani ichki ishlar bo‘limi yangi binosi foydalanishga topshirilda 

Navro‘z shodiyonalari  viloyat ichki ishlar organlari xodimlari uchun ham esda qolarli voqiyliklar bilan qarshi olindi.  80 ming  nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Bandixon tumani  qayta tashkil etilgandan buyon  ichki ishlar bo‘limi o‘z xizmat binosiga ega emas edi. Ichki ishlar Vazirligi tomonidan ajratilgan 11 mlrd 511 mln so‘m mablag‘ evaziga barcha shart-sharoitlarga ega yangi zamonaviy bino qurib bitkazildi. Uning foydalanishga topshirilishi tantanali ko‘rinish kasb etdi. 

    Bandixon tumani ichki ishlar bo‘limi yangi binosining foydalanishga topshirilishida  viloyati hokimi  viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, tuman mutasaddilari, faxriylar, mahalla va keng  jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar tuman ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibini yangi bino bilan tabriklab, ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli aholining tinchlik va xavfsizligini ta’minlashda, fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilishning izchil tizimi yaratilganligini ta’kidlashdi.

 Ikki qavatli ko‘rkam binoda ichki ishlar organlari xodimlarining  samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun barcha qulayliklar mavjud. Unda ma’rifat xonasi, maxsus tergov majmuasi, tuman markazidagi videokuzatuv kameralariga ulangan situatsion markaz,  sportzal, futbol maydoni dam olish va o‘quv xonalari yotoqxona, oshxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Patrul-post xizmati, yo‘l harakati xavfsizligi va boshqa tezkor qismlar bo‘limning geoinformatsion tizimi orqali boshqariladi.

Bular hammasi xodimlarning siyosiy, ma’rifiy va jangovar tayyorgarligini oshirishga, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish, ularni tez fursatlarda fosh etishga xizmat qiladi.

 E’tiborlisi, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limlari umumiy binodan alohida joylashgan bo‘lib, ularda ham fuqarolar qabuli va murojaati uchun qator qulayliklar yaratilgan. Albatta munosib mehnat shariotlari kishi zimmasiga mas’uliyat ham yuklaydi. Bu esa shubhasiz  ish samaradorligida muhim ahamiyat kasb etadi.

 Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech