3 Aprel 2022 yil 760

Soxta "xodim"ning siri fosh bo‘ldi

Fuqaro G‘.M Boysun tumani "Ko‘chkok" mahallasida yashovchi F.R.ga o‘zini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmatida ishlashini va tanishlari orqali Toshkent shahridagi “Toshkent siti” dahasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birini olib berishini aytadi. Buning uchun u F.R.dan 2022 yil 22 fevral kuni 700 (yetti yuz) AQSH dollari miqdoridagi pullarni aldab oladi. Hech qancha vaqt o‘tmay, G‘.M. avtomashina ham olib berishini aytib, 2022 yil 07 mart kuni 400 (to‘rt yuz) AQSH dollarini oladi. Pullar ham, uy va mashinadan ham darak bo‘lavermagach, F.R. viloyat IIB ga ariza bilan murojaat qilib, G‘.M. hozirgi kunga qadar ushbu pullarni qaytarib bermayotganligini, uyni nomiga rasmiylashtirib berish uchun esa yana 1500 (bir ming besh yuz) AQSH dollari miqdoridagi pullarni berishni so‘rayotganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va yetkazilgan zararni undirib berishni so‘raydi.

Mazkur arizaga asosan, 2022 yil 31 mart kuni Surxondaryo viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, soat 23:30larda fuqaro G‘.M. Sariosiyo tumani “Registon” nomli oshxona ichida ariza muallifi F.R.dan talab qilingan 1500 (bir ming besh yuz) AQSH dollari miqdoridagi kimyoviy ishlov berilgan pullarni sanab olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan, Sariosiyo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 2022 yilning 02 aprel kuni G‘.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech