20 Oktyabr 2022 yil 516

Soch yulishib, sudlandi

Sanam Salomova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) ustaxonasini to‘sib, ko‘chma do‘kon o‘rnatib olgan qo‘shnisi Muattar Rajabovaga vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘ldi. Yetmaganiga odamlar o‘tib-qaytib turgan ariq ustidagi ko‘prikning ustini betonlash uchun qilayotgan xatti-harakatlari ham g‘ayrioddiy tuyuldi.

Ikki qo‘shni murosaga kela olmadi. Yoshi kattasi kattaman, kichigi kichikman demay og‘zaki yovlashishdi. Oraga tomonlarning tarafkashlari qo‘shilgach, ur-sol, do‘pposlash boshlanib ketdi. Sanamning akasi Salim va mahalladoshi Sarvar Muattar Rajabova va kelini Dilbarni ura boshladi. Ko‘rgan ko‘zga uyat ekanini unutgan qo‘shnilarning to‘poloni mahallada yaxshigina tomoshaga aylandi.

O‘rtaga ichki ishlar bo‘limi noziri aralashmaganida, ahvol nima kechishi kishini o‘ylantirishi aniq. Janjalkashlar o‘z qilmishi uchun javob berishiga to‘g‘ri keldi. Keyingi safar tili yoki qo‘lini yugurtirishdan avval o‘ylab ko‘rsa kerak. Yana bir gap, inson qadri ulug‘lanib, manfaatlari himoya qilinayotgan bir paytda, biz fuqarolarningda o‘z burchimiz bor, jamiyatda o‘zimizni risoladagidek tutishimiz lozim. Xo‘sh, bunday bag‘rikenglik siyosati ustuvor bir paytda bizning munosabatimiz, javobimiz qanday bo‘lyapti?

To‘g‘ri, har kim masalaga o‘z tomonidan qaraydi, o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Qarashlarimiz va qarichlarimiz odillik, ahillik, adolat mezonlari asosida o‘lchansa, izza bo‘lmasmidik?! Qolaversa, qo‘shtirnoq ichidagi qahramonlar, soch yulishgan qo‘shnilar, ularning tarafkashlari ikki yillik ozodlikni cheklash jazosini oldilar.  

   

Viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha

sudlov hay’ati sudyasi

S.Suvonqulov.

Text to speech