26 May 2023 yil 4842

Salomatlik sirlari: Quturish kasalligi haqida nimalarni bilasiz?

Quturish kasalligi o‘tkir yuqumli zoonoz (hayvonlardan odamga yuquvchi)  xastalik hisoblanib, kasallikni davolash va oldini olish  choralari o‘z vaqtida zudlik bilan ko‘rilmasa, natijada fojiali o‘lim bilan yakun topuvchi xastalikdir. Bu kasallikni neyrotrop ya’ni nerv hujayrasiga zarar yetkazuvchi viruslar qo‘zg‘atadi. Quturish xastaligi insoniyatni qadim zamonlardan buyon davosining yo‘qligi hamda ayanchli holda o‘lim topishi bilan qo‘rquvga solib kelgan, quturish haqida Ibn Sino, Gippokrat, Ar-Roziy, Aristotel kabi buyuk mutafakkir olimlar o‘z asarlarida ma’lumotlar keltirib o‘tgan. XVIII asr o‘rtalarigacha “quturish kasalligining oldini olish choralari yo‘q!”- deb kelingan edi, lekin XVIII asrning oxirlariga borib kasallikka qarshi vaksina ixtiro qilindi. Ushbu vaksinadan hozirgi kungacha kasallikni oldini olishda foydalanib kelinmoqda.

         Kasallik belgilari- kasallikning yashirin davri odamlarda 12-14 kundan to bir oygacha cho‘zilishi mumkin, ayrim hollarda bir yildan ham oshadi. Biroq aksari quturgan hayvon tishlagandan so‘ng yoki terining tirnalgan, jaroxat olgan yeriga uning so‘lagi tekkandan boshlab, o‘tgan 3 hafta bilan 3 oy o‘rtasida kasallik ko‘proq yuzaga keladi. Hayvon odam tanasining yuqori qismlaridan(bosh, bo‘yin, yuz,ko‘krak qafasi, qo‘l barmoqlari) markaziy nerv sistemasiga yaqin joylardan tishlashi kasallikning tez avj olishiga olib keladi. Yashirin davrda odam o‘zini sog‘lom his etadi (Hayvonlar ham). Yashirin davrdan so‘ng odam miyasiga g‘alati axmoqona fikrlar keladi, be’mani tushlar ko‘radi, juda ham g‘azabkor bo‘ladi, aqldan ozadi, suvdan, shamoldan va yorug‘likdan qo‘rqadi o‘zini qorong‘u joyga uradi, ko‘ziga har xil hayvonlar ko‘rinadi. Kasallik avjiga chiqqanda so‘lak ajralib boshlaydi, yutinish, nafas olish qiyinlashadi.

Qutirgan itning alomatlari it bezovtalanadi, qorong‘u joyga yashirinadi, egasi chaqirganda goh qaraydi, goh qaramaydi, ovqat yemay qoladi har xil buyumlarni g‘ajiy boshlaydi, odamlarga hatto egasiga tashlanadi. Bog‘langan bo‘lsa arqonni g‘ajib uzib uzoq joylarga sang‘ib ketadi. Odamlardan farqli o‘laroq, itlarda suvdan qo‘rqish alomati kuzatilmaydi(faqatgina suv ichishga qiynaladi, suv icha olmaydi). Itdan tashqari boshqa qutirgan sut emizuvchi hayvonlarda ham shu holatlar kuzatilishi mumkin

         Yuqish yo‘llari- quturish kasalligi virusi odam yoki hayvon organizmiga quturgan uy hayvonlari, daydib yurgan it, mushuk va yovvoyi hayvonlar so‘lagi orqali yuqadi. Shuni aytib o‘tish kerakki hayvonning so‘lagi faqat kasallik yuzaga chiqqan davrda emas, balki kasallik yashirin davrida ekanligidayoq kasallik yuqumli bo‘ladi. Virus yuqqan quturgan hayvon odamni tishlaganda yoki uning so‘lagi tirnalgan, shilingan, jarohatlangan teriga, ko‘z, burun, og‘iz, tomoq shilliq pardalariga tekkanda  viruslar organizmga o‘tadi va kasallik yuqadi. Bundan tashqari qutirib o‘lgan daydi it va sut emizuvchi boshqa hayvonlar tana to‘qimasi bilan oziqlangan yirtqich qushlar ham kasallikni yuqtirishi mumkin(o‘sha qush inson bilan muloqatda bo‘lganda).

Kasallikning oldini olish choralari:

  1. Barcha uy hayvonlari quturish kasalligiga qarshi emlanishi kerak
  2. Hayvon tishlaganda yoki uning so‘lagi tekkan har bir kishi zudlik bilan mutaxasis shifokorga(xirurg, travmatolog (rabiolog)) murojaat qilishi hamda zarur deb topsa, qutirish kasalligiga qarshi emlanishi shart (emlash qancha erta boshlansa kasallik oldi tez bartaraf etiladi ) !
  3. Emlash kursi to‘la tugashi va to‘liq olinishi kerak, emlangandan so‘ng 6 oy davomida spirtli ichimliklar iste’mol qilish qat’iyan man etiladi.
  4. Agar odamni hayvon tishlasa yoki so‘lagi teriga tegsa shu zahoti oqar suvda sovunlab yuvib tashlash, jaroxat joyiga 70%li spirt, yod, briliant yashili boshqa dezinfeksiyalovchi vositalar surtish va tezlikda kasalxonaning jarrohlik yoki travmatalogiya bo‘limiga murojaat etishi kerak.

5. Maxalla va guzarlarda daydi it, hamda mushuklarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda veterinariya xizmati tomonidan choralar ko‘rish lozim.

Text to speech