15 May 2020 yil 652

Rasmiy xabar: karantin qoidasi qo'pol buzilishi ortidan, Sherobod tumanida hokimiyat vakiliga faol qarshilik ko'rsatildi

Sherobod tumani IIB navbatchilik qismining 2020 yil 14 may kuni soat 21:00 larda bergan xabariga ko'ra, Sherobod tumani, "Balxiguzar" mahallasida yashovchi Devarov Boqi O'zbekiston Respublikasida o'rnatilgan karantin qoidalari hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.04.2020 yildagi PQ-4687-sonli "muborak Ramazon oyini munosib tarzda o'tkazish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq respublikamizda karantin davom etayotganligi munosabati bilan respublikaning barcha hududida "Taroveh namozi" hamda iftorliklarni qo'ni-qo'shnilarisiz hamda qarindosh-urug'larisiz o'tkazilishi ko'rsatilishiga qaramay, 2020 yilning 14 may kuni, Sherobod tumani "Balxiguzar" mahallasida yashovchi fuqaro Devarov Boqi o'zining yashash xonadonida o'g'illari I. Devarov, E.Devarovlar bilan birgalikda qarindosh-urug'lari va qo'ni-qo'shnilarini uylariga to'plab, iftorlik o'tkazayotganligi to'g'risida tezkor ma'lumot kelib tushadi.
Shunga asosan, Sherobod tumani ichki ishlar bo'limi, tuman Davlat xavfsizlik xizmati bo'limi hamda "Balxiguzar" mahallasi raisi hamda profilaktika inspektorlari bilan birgalikda soat 20:30larda D.B.ning yashash manziliga borilganida, haqiqatdan ham Devarov Boqi yashash uyida 30 nafar shaxslarga iftorlik o'tkazayotganligi aniqlanadi.
Shundan so'ng, Sherobod tumani ichki ishlar bo'limi xodimlari tomonidan Devarov Boqi va uning oila-a'zolariga viloyatimizda karantin davom etayotganligini tushuntirib, ularga iftorlik o'tkazib, jamoat bo'lib, "Taroveh namozi"ni o'qiyotganligi yuzasidan karantin qoidalarini qo'pol ravishda buzganligi uchun ma'muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirmoqchi bo'lganida, Devarov Boqining oila-a'zolari va iftorlikka tashrif buyurgan qarindoshlari tomonidan ichki ishlar bo'limi xodimlariga nisbatan faol qarshilik ko'rsatilib, ular qo'llaridagi narsa va buyumlar bilan ura boshlaganligi hamda Sherobod tumani ichki ishlar bo'ilimi huquqbuzarliklar profilaktikasi tayanch punkti profilaktika inspektori M.Xoliqov boshqaruvidagi "Tiko" rusumli avtomashinaga toshlar otib, avtomashinaning oynalarini sindirib, shikast etkazishgan.
Natijada, ushbu janjal jarayonida profilaktika inspektori "bo'yin va chap qo'l bilak sohasi tirnalib shilinishi" kabi tan jarohati olgan.
Mazkur holatdan so'ng, voqea joyiga Sherobod tuman IIB "tergov-tezkor guruhi" xodimlari borganida, ularga ham Devarov Boqining farzandlari va qarindoshlari faol qarshilik ko'rsatishda davom etib, tuman IIB "navbatchilik qismi"ga tegishli "Damas" rusumli avtomashinaning ham oyna va kuzovlariga armatura hamda toshlar bilan urib, mazkur avtomashinaga ham shikast etkazishib, voqea joyiga tuman IIB rahbariyatidan mas'ul bo'lib, "tergov-tezkor guruhi" tarkibida kelgan, Sherobod tumani IIB boshlig'ining o'rinbosari mayor O'.Shukurovga, ham "o'ng qo'l bilak pastki uchligi shilingan jarohatlatlanishi" kabi tan jarohati etkazishgan.
Shundan so'ng, voqea joyiga Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi patrul-post xizmati bataloni xodimlaridan iborat qo'shimcha kuch chaqirilib, ular yordamida B.Devarovning yashash xonadoniga borilganida, fuqaro E.B.Devorov 1,5 metr uzunlikda bo'lgan armatura bo'lagi bilan to'satdan, Surxondaryo viloyati IIB TVBSO ikkinchi ishg'ol qilish guruhi katta mutassis-o'qchisi katta serjant Sh.Sobirovning bosh qismiga urib, o'rta og'ir darajadagi kabi jarahat etkazgan.
Shuningdek, ushbu janjal vaqtida Surxondaryo viloyati IIB TVBSO ikkinchi ishg'ol qilish guruhi katta mutassis-kinologi kichik serjant A.Qarshiev ham turli tan jarohatlari bilan, Sherobod tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Hodisa sodir bo'lgan vaqtda leytenant M.Xoliqov, mayor O'.Shukurov, katta serjant Sh.Sobirov va kichik serjant A.Qarshievlar xizmat vaqtida, xizmat kiyimida, hushyor holda bo'lgan.
Mazkur holat yuzasidan, 2020 yilning 15 may kuni Sherobod tuman prokuraturasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o'rinda fuqarolarimizga bir eslatmani yodlariga solib o'tishni joiz deb bildik.
Chunonchi: mamlakatimizda karantin davrida fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligini saqlash bilan birga ularning sog'ligi uchun javobgarligini bo'yniga olib sobit qadamlik bilan kunni-tunga ulab, issiqni-issiq, sovuqni- sovuq demasdan xizmatiga vijdonan yondashib, halqimizning pandemiya davrida jabrlanib qolishlarining oldini olish maqsadida, xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari qolaversa, o'zlarining shirin jonlarini xatarga qo'yib, jonbozlik ko'rsatayotgan bir paytda, ayrim fuqarolarimiz davlatimiz tomonidan qo'yilayotgan talablarni qasddan mensimasdan qo'pol buzish holatlari ko'plab uchramoqda. Shuning uchun Aziz fuqarolar! o'zlaringizni bir-ikki kunlik karantin davrida hissiyotlarga berilib, davlatimiz tomonidan qo'yilayotgan talab va majburiyatlarni qasddan buzishlaringiz qonun bilan jazo muqarrarligi qat'iy belgilab qo'yilgan!
Yuqorida qayd etilgan hodisa tafsilotlari haqida esa qo'shimcha ravishda ma'lum qilib boriladi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech