Rasmiy munosabat: "o'g'limdan qasti borligi uchun nachalnik milisiya o'g'limni qamoqqa oldi adolatdanmi, shu ishingiz" sarlavhasi ostidagi videomurojaat yuzasidan
Ijtimoiy tarmoqlarda "o'g'limdan qasti borligi uchun nachalnik milisiya o'g'limni qamoqqa oldi, adolatdanmi shu ishingiz" sarlavhasi ostidagi videomurojaat yuzasidan, Denov tumani ichki ishlar bo'limi mas'ul xodimlari tomonidan o'rganish ishlari olib borilganida quyidagilar ma'lum bo'ldi.
2021 yil 9 avgust kuni soat 08:00 larda I.Suhrob jamoat joyi hisoblangan Denov shahar "Bog'inav" mahallasi hududidagi "N.Mirzaev" va "Mustaqillik" ko'chalari kesishmasida o'ziga oldindan tanish bo'lmagan K.Ma'ruf ismli shaxs bilan hech bir sababsiz janjallashib qolib, janjal vaqtida I.Suhrob qo'li bilan K.Ma'rufning yuz va burun sohasiga urib, unga tan jarohati etkazgan vaqtida shu erda jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarayotgan tuman IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'limi tayanch punkti profilaktika inspektori yu.Sanjarbek uning bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko'rib, ularni ajratmoqchi bo'lganida I.Suhrob uni ham urib do'pposlab faol qarshilik ko'rsatib, bezorilik jinoyatini qasddan sodir etgan.
Mazkur holat yuzasidan, I.Suhrobga nisbatan O'zbekiston Rekspublikasi Jinoyat kodeksining 277-modda 3-qismi "g" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, O'zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasida ko'rsatilgan asoslarga ko'ra ushlangan va unga ushbu modda bilan ayb e'lon qilinib, "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo'llanilgan.
Ma'lumot uchun, I.Suhrob muqaddam 2020 yil 16 noyabrda Jinoyat ishlari bo'yicha Denov tuman sudi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi "b" bandi bilan sudlanib, 200 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlangan va shundan o'ziga tegishli xulosa chiqarmasdan yana yuqorida ko'rsatilgan bezorilik jinoyatini sodir etganligi holati yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, I.Suhrob 2021 yil 9 avgust kuni jamoat joyida jinoyat sodir qilganligi sababli ichki ishlar organiga borishdan bo'yin tovlash maqsadida, o'zining avtomashinasida bo'lgan lezvie (soqol olish uchun mo'ljallangan britva) bilan chap bilak sohasini kesib, o'ziga tan jarohati etkazganligi holati bo'yicha, Denov tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganligi ma'lum qilinadi va kelgusida qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati