Rasmiy munosabat; ijtimoiy tarmoqlarda "Surxondaryo viloyati, Sho'rchi tumani. Samosud."sarlavhasi ostidagi videolavha yuzasidan, Sho'rchi tumani ichki ishlar bo'limi mas'ul xodimlari tomonidan o'rganish ishlari olib borilganida quyidagilar aniqlandi.
2021 yil 17 iyun kuni soat 08:00larda B.E'zoza o'zining farzandi voyaga etmagan o.Marjona hamda qarindoshi Sho'rchi tumani "Hayrabod" mahallasida yashovchi fuqaro A.Dilnozalar bilan birga Sho'rchi tumani "Navro'z" mahallasi hududidan kesib o'tgan avtomobil yo'li chetki qismidagi piyodalar yo'lakchasida S.Albinani uchratib, u bilan ilgaridan bo'lib kelgan nizoli vaziyati bo'yicha o'zaro janjallashib, o'z harakatlari bilan jamoat tartibini qasddan buzayotganligini anglagan holda jinoiy sherigi A.Dilnoza bilan birgalikda fuqaro S.Albinani qasddan urib do'pposlab, o'zi bilan birgalikda olib kelgan 1 dona qaychi bilan S.Albinaning sochlarini kesib, unga tan jarohati etkazishgan.
Holat bo'yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, fuqaro S.Albinani olgan tan jarohati "engil tan jarohatlar" ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Sho'rchi tumani IIB huzuridagi tergov bo'limi tomonidan B.E'zoza va A.Dilnozalarga nisbatan 2021 yil 3 iyul kunida O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi "b" bandi va 277-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan bo'lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati