Qonunchilik targ‘iboti: Ichki ishlar organlari xodimlariga “Qurol to‘g‘risida”gi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tushuntirildi.
Surxondaryo viloyati IIB sohaviy xizmat xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2022 yil
31 maydagi O‘RQ-772-son Qonuni qabul qilinganligi munosabasi bilan fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlarni berish, ularga egalik qilishning talablari va shartlariga o‘zgartirishlar hamda qo‘shimchalar kiritilganligi to‘g‘risida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Targ‘ibot tadbirida, Surxondaryo viloyati IIB JXX PPX va JTSB nazorat litsenziyalash guruhi katta inspektori podpokovnik H.Umbarovning qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi ma’ruzasi tinglandi.
Jumladan; Jinoyat kodeksining 247, 248, 249-moddalari va Ma’muriy kodeksining 185, 220, 2201, 221-moddalariga o‘zgartirishlar hamda qo‘shimchalar kiritilib o‘qotar bo‘lmagan qurollar (pnevmatik, gazli, signal beruvchi, uloqtirish va tig‘li sovuq qurol va elektroshok qurilmalari) va o‘qotar qurolning asosiy qismlari bilan qonunga hilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganligi uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik choralari belgilandi;
qurol egalari va ularning yaqin qarindoshlarini qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruv o‘tkazish tartibi, shuningdek, qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar ro‘yxatlari tasdiqlandi;
ov quroliga egalik qilishning eng kam yoshi 21 dan 25 yoshgacha oshirildi;
tuzilishi qayta o‘qlamasdan uzluksiz o‘q uzish imkonini beruvchi silliq stvolli yarim avtomatik o‘qotar ov quroli mavqei soyli stvolli qurolga tenglashtirildi (qurolga egalik qilish staji kamida 10 yil bo‘lishi kerak);
g‘ayriqonuniy maqsadlarda ma’lum texnik sharoitlar va ko‘nikmalar yordamida qayta jangovar holatga keltirilishi mumkin bo‘lgan “pahtavon” (“oxoloщennoe”), o‘quv va vazn-gabaritli (“masso-gabaritnoe”) qurolning muomalasi taqiqlandi (kolleksiyalash yoki ko‘rgazmaga quyish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslardan tashqari);
barcha turdagi pnevmatik qurolga (og‘iz qismidagi quvvati djoul va kalibridan qat’iy nazar) egalik qilishni faqat ichki ishlar organlarning ruxsatnomasi asosida amalga oshirish hamda fuqaro egaligida bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday qurol sonini 3 dona bilan cheklandi;
pnevmatik kalta stvolli qurolning (bundan uning sport ob’ektlarida saqlanishi va undan foydalanishi mustasino) muomalasi taqiqlandi;
fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etish taqiqlandi;
fuqaroviy ov qurolining magazinining ruxsat etilgan sig‘imi
10 donadan 5 donagacha kamaytirildi;
bittadan ortiq har bir soyli stvolli o‘qotar ov quroliga, pnevmatik ov quroliga va silliq stvolli o‘qotar ov quroliga egalik qilganlik uchun har yili bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (300 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi;
soyli stvolli (nareznoy) o‘qotar ov qurolini, shu jumladan aralash o‘qotar qurolni yoxud yarim avtomat silliq stvolli o‘qotar ov qurolini va uning o‘q-dorilarini, o‘qdon (baraban) sig‘imi to‘rt dona patrondan ortiq bo‘lgan silliq stvolli o‘qotar ov qurolini, shuningdek og‘iz qismidagi quvvat oltmish besh jouldan yuqori va kalibri to‘qqiz millimetrdan ortiq bo‘lgan pnevmatik ov quroliga egalik qilish staji 10 yil sifatida belgilandi;
birinchi marotaba fuqaroviy qurolni (o‘zini o‘zi himoya qilish, gazli va elektroshoker qurilmalari bundan mustasino) olishda quroldan xavfsiz foydalanish qoidalari bo‘yicha maxsus qisqa muddatli kursalardan majburiy o‘qitish tartibi belgilandi;
fuqaroviy qurolga egalik qilishga to‘sqinlik qiluvchi holatlarga qo‘shimcha ravishda quyidagilar kiritilib, ular yuzaga kelganda qurolni zudlik bilan olib qo‘yish mexanizmi belgilangandi:
1) qasddan jinoyatlar sodir etilganlik uchun sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganligi olib tashlanganligidan qat’iy nazar (10 yil davomida);
2) qurol egasi yoki qurolga egalik qilish istagini bildirgan fuqaro
va u bilan birga yashovchilarga nisbatan qoralovchi ma’lumotlar mavjud bo‘lganda.
Shu bilan birga, yuqoridagi Qonun 2022 yilning 2 sentabridan va javobgarlik masalalari qismida 2 dekabr kuni kuchga kiradi.
Qonunning ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar vazifa qilib belgilangan.
- Barcha viloyat va shahar-tuman ichki ishlar organlari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasining “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2022 yil 31 maydagi O‘RQ–772-son Qonunning mazmun-mohiyatini o‘zlashtirgan holda shaxsiy tarkibni ushbu yo‘nalishda malakasini oshirish;
- Ushbu faoliyat bilan bog‘liq xizmat vazifalarini amalga oshiruvchi barcha ichki ishlar organlari rahbarlari va mas’ul xodimlari Qonunning mazmun-mohiyatini va amaliy ahamiyatini, ma’muriy va jinoiy javobgarlik oqibatlarini aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish;
bunda agar jismoniy va yuridik shaxslarda mavjud pnevmatik qurollarning hujjatlari umuman bo‘lmaganda, ushbu qurollarning turi va texnik holatini aniqlash hamda ichki ishlar organlariga ro‘yxatga qo‘yish uchun vaqtincha olinishi hamda ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga topshirilishi;
pnevmatik ov qurollari o‘qotar ov quroli sifatida ro‘yxatga qo‘yishning umumiy tartib va talablari asosida amalga oshirilishi tushuntirib o‘tildi.
Tadbir davomida, itirokchilar tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachi tomonidan javoblar qaytarildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati