3 Iyun 2023 yil 1038

KIBERJINOYaT: aldovdan jazogacha

Kunlik yangiliklarni internet orqali o‘qir ekanmiz firibgarlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali jinoiy xatti-harakatlari va turli yolg‘on xabarlar bilan fuqarolarni aldab chuv tushirish holatlari ko‘payib borayotganligini ko‘ramiz. Oldingi maqolalarda aynan kiber xujumga uchrayotgan insonlar haqida keng yoritgan bo‘lsak, endilikda onlayn jinoyatlar  oqibati haqida to‘xtalmoqchimiz.

Jinoyat borki unga jazo muqarrar. Lekin, ba’zan bu qoidani unutamizda, jinoyatga qo‘l uramiz. Oqibatda esa oxirida qancha afsuslanmasin kech bo‘lmoqda.  Bunday holatlarning ortishida jinoyat qilayotgan insonlar bilan birga ishonuvchan bo‘lgan yurtdoshlarimiz beparvoligi ham sabab bo‘lmoqda.

Soddaligi sabab aldanib qolgan insonlarga bugungi kunga qadar  Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberxavfsizlik bo‘limi  xuquqlarini himoya qilish va jinoyatlarni bartaraf etgan holda, kiberjinoyatlarni fosh qilishda samarali ishlar olib bormoqda. Aynan ular orqali aniqlangan holatlar va o‘z yechimini topgan  murojaat asosida aldanib qolgan insonlar taqdiri hamda ularni aldagan jinoyatchilarga berilayotgan jazolar bilan tanishtiramiz.

O‘marilgan  48 million

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashovchi fuqaro O.S. ariza bilan murojaat qilib, arizasida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Humo” bank kartasida bo‘lgan jami 48.640.550 so‘m miqdoridagi pullar noma’lum shaxslar tomonidan yechib olinganligini bildirgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida O.S. ismli fuqaroning bank kartasidan pullarini o‘g‘irlagan shaxslar “Agrobank” Oltinsoy tumani bo‘limi xodimlari, Sho‘rchi tumanida yashovchi, Q.Sh. va A.S. ekanligi aniqlandi. Ushbu fuqarolarga nisbatan JKning 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Soddaligim qursina bank kartasining pin-kodini ham aytamanmi…

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yashovchi fuqaro D.Q. ariza bilan murojaat qilib, unda bank kartasini tumanda joylashgan «Paynet” shahobchasida noma’lum shaxs tomonidan o‘g‘irlab ketilganligi, bank kartasida bo‘lgan jami 9.222.000 so‘m pullari yechib olinganligini bildirgan.

Voqea esa paynetga borgan mijoz karta kodini aytishi bilan pullarni o‘zlashtirish rejasi Uzun tumanida yashovchi,  1978 yilda tug‘ilgan  N.A. da paydo bo‘ldi.  Bank kartasi pin-kodini «Paynet» shahobchasida jabrlanuvchi tomonidan oshkor qilinganligidan foydalanib, bank kartasini o‘g‘irlab, pullarni talon-toroj qilgan shaxs JKning 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Texnomart aksiyasida g‘olib bo‘ldingiz – tuzoq bizdan, ilinish sizdan

Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida yashovchi fuqaro A.Yu. ariza bilan murojaat qilib, arizasida telegram messenjeri orqali “Texnomart Aksiya” nomli profil egasi “Samsung A-72” rusumli telefon apparatini yutib oldingiz  deb, firibgarlik yo‘li bilan “Humo” bank kartasida bo‘lgan jami 1.500.000 so‘m miqdoridagi pullarini yechib olganligini bildirgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida A.Yu. ismli fuqaroning bank kartasidan firibgarlik yo‘li bilan pullarni yechib olgan shaxs Samarqand viloyati, Narpay tumanida yashovchi, voyaga yetmagan, 2005 yilda tug‘ilgan S.U. ekanligi aniqlandi. Surishtiruv ishlari davomida, S.U. ismli shaxs bundan tashqari yana 27 nafar fuqaroning bank kartasidagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib olganligi aniqlandi. Ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoiy maqsadlarda foydalanilgan «ZOOD-PAY»

Termiz shahrida yashovchi fuqaro N.N. ariza bilan murojaat qilib, arizasida o‘ziga tegishli bo‘lgan bank kartasidagi jami 1.262.000 so‘m pullar noma’lum shaxslar tomonidan yechib olinganligini bildirgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bank kartasidagi pullarni o‘g‘irlagan shaxs Termiz tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan D.J. ekanligi aniqlandi. D.J. ushbu jinoyatni N.N.ning bank kartasini “ZOOD-PAY” ilovasiga ulagan holda pullarini boshqarish huquqini qo‘lga kiritib, mablag‘larini “1xbet” onlayn tavakkalchilikka asoslangan o‘yiniga tikib, yutqazib yuborgan.  Ushbu fuqaroga nisbatan JKning 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Avjida bo‘lgan  taqinchoqlar  onlayn savdosi

Angor tumanida yashovchi, fuqaro M.G., «olx.uz» platformasida «Kreditga tilla va brilliantlar» nomli e’lon bergan shaxs bilan telegram messenjeri orqali bog‘landi. 20 gramm tilla taqinchoq uchun oldindan 2.200.000 so‘m pullarni noma’lum shaxsning bank kartasiga o‘tkazib bergan. Soddalik oqibatida pullarni tushurib olgan shaxs messenjerdagi yozishmalarni o‘chirib, va’da qilingan tilla taqinchoqlarni taqdim etmay, g‘oyib bo‘lgan. Shundan so‘ng murojjat qilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan shaxs muqaddam ham shu turdagi jinoyatni sodir etib, O‘z.R. JKning 168-moddasi bilan sudlangan Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan Sh.D. ekanligi aniqlandi. Sh.D.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hammaga bitta telefon

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida yashovchi fuqaro M.R. ariza bilan murojaat qilib, unga tegishli bo‘lgan “Samsung A71” mobil qurilmasini sotish uchun «olx .uz» platformasida e’lon joylashtirganda unga o‘zini Muzrabot tumanidagi harbiy qism harbiy xizmatchisi deb tanishtirgan noma’lum shaxs mobil qurilmani sotib olmoqchi ekanligi, ammo Toshkent shahrida safardaligi uchun qurilmani mahalliy yo‘nalish taksislaridan berib yuborishi, to‘lov esa qurilma yetib kelishi bilan bank kartasi orqali amalga oshirilishini tushuntirib, boshlang‘ich 500.000 so‘m miqdorda pul o‘tkazib berib uning ishonchiga kirganligi, jo‘natilgan qurilmani qabul qilib olgandan so‘ng telegram messenjeridagi yozishmalar va telefon raqamlarini o‘chirib g‘oyib bo‘lganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik yo‘li bilan mobil qurilmani o‘zlashtirgan shaxs muqaddam firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari uchun bir necha bor sudlangan Farg‘ona viloyati   Farg‘ona shahrida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan X.S. ekanligi aniqlangan. X.S.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yukni  yetkazib berish taklifi ortidagi firibgarlik

Denov tumanida yashovchi fuqaro S.A. ariza bilan murojaat qilib, telegram messenjerida «Yuk markazi» nomli guruhda noma’lum shaxs unga «Andijon-Samarqand» yo‘nalishidagi yukni yetkazib berish uchun yaxshigina haq to‘lanishi mumkinligi hamda u o‘zga bir shaxsniki ekanligi «zakazni» olib berish uchun bank kartasiga 200.000 so‘m o‘tkazib berishi kerakligini bildirib, pullar o‘tkazib berilganidan so‘ng, akkaunt noma’lum tarzda g‘oyib bo‘lganligini ma’lum qilib, noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan shaxs Buxoro viloyati Romitan tumanida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan A.A. ekan. A.A.ga nisbatan O‘zR. JKning 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Amaliyotda o‘marilgan pullar

Universitet talabasi 75 million so‘mdan ortiq pullarni o‘g‘irladi. Ha siz noto‘g‘ri eshitmadingiz. Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi M.Sh. ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs uning bank kartasidan 75.700.000 so‘m pullarini yechib olganligini bildirib, noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni va pullarni qaytarishda yordam so‘ragan.

Shu asosida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar davomida, ushbu jinoyatni universitet 4 kurs talabasi, 1997 yilda tug‘ilgan M.A. tomonidan sodir etilganligi aniqlandi.

M.A. ushbu jinoiy rejasini bank filiallaridan birida amaliyot o‘tayotgan vaqtida tuzganligini ma’lum qilib, bank tizimi orqali notanish shaxs nomidagi bank kartasini faollashtirgani va jabrlanuvchiga  qo‘ng‘iroq qilib bank xodimi ekanligini bildirib sms-xabarnomani qo‘lga kiritgan hamda mavjud bo‘lgan barcha pullarni noma’lum shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bank kartasiga o‘tkazib olib, turli bankomatlar orqali pullarini yechib olgan.

Endi esa unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining  169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yuqoridagi holatlar turlicha ekanligini kuzatdik. Ammo barchasi birdek jinoyat – kiber jinoyatdir. Internet olami rivojlanganligi sari mo‘maygina daromad ilinjida turli yo‘llarni qidirayotgan insonlar soni ham ortib bormoqda.

Lekin u hatto onlayn jinoyat bo‘lsada, baribir jazo muqarrar ekanligi, qancha urinmasin bir kun baribir jinoyati oshkor bo‘lishi mumkinligini ko‘p insonlar o‘ylab ko‘rishmaydi. Sodda insonlarimiz esa ba’zan bilib, ba’zan bilmay ularning qarmog‘iga ilinadi.

Internet va axborot asrida yashayotgan ekanmiz, albatta ogoh bo‘lishimiz lozim. Ogoh bo‘lmas ekanmiz shuncha aldanamiz va kiber jinoyatlar rivojlanib boraveradi.

Mastura Hamraeva, jurnalist

Text to speech