2 Oktyabr 2022 yil 760

Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi uzumzorga afg‘onistonlik shaxs xat-hujjatsiz xususiy mulkka zo‘ravonlik bilan egalik qilayotgani aytilayotgan video tarqaldi” sarlavhali video murojaat yuzasidan rasmiy munosabat

Mazkur holat o‘rganilganda quyidagilar aniqlandi.

Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi S.G.Omid o‘zining “Gold Grapes Exspo” MChJ bilan Uzun tumanida yashovchi A.O‘ljaev rahbarligidagi “Surxonzamin uzumlari” fermer xo‘jaligi o‘rtasida 2022 yil 10 iyun kuni qo‘shma korxona tashkil qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan bo‘lib, unga ko‘ra qo‘shma korxona rahbari etib S.G.Omid, kuzatuv kengashi raisi etib A.O‘ljaevlar nomzodi tasdiqlangan.

Fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer oldi-sotdi masalasi bilan bog‘liq firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun Afg‘oniston fuqarosi F.M.ning arizasiga asosan fuqaro A.O‘ljaevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2022 yil 7 sentabr kuni soat 18:00 lar chamasida “Gold Grapes Exspo” MChJ qo‘shma korxona rahbari Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi S.G.Omid  “Surxonzamin uzumlari” fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartiga ko‘ra, mazkur fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan Uzun tumani “Xatib Qahramon” mahallasida joylashgan 5.30 gektar yer maydonida yetishtirilgan uzum hosilini yig‘ishtirish uchun borganida, ushbu mahallada yashovchi A.O‘ljaevning qarindoshlari F.O‘, D.R, J.Ch va mahalladoshlari A.X, N.X, D.E.lar unga qarshilik ko‘rsatib, yengil tan jarohati yetkazib, bezorilik jinoyatini sodir etganlar.

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan fuqaro F.O‘. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davomida S.O‘ va D.R.larga nisbatan JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ayb e’lon qilinib, “qamoq” extiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Uzun tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. 

Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech