IIV ishchi guruhi Surxondaryoda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining topshirig'i hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi PQ-5050-son qarori talablari asosida, Surxondaryo viloyatida jinoyatchilikni "mahallabay" jilovlash ishlari ahvolini o'rganish hamda ichki ishlar organlarining quyi tizimlariga amaliy yordam ko'rsatish maqsadida ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po'lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh o'z faoliyatini boshladi.
Ishchi guruh tomonidan viloyatdagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirishga qaratilgan maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o'tkazish, mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, aholining mavjud muammoli masalalarini aniqlash va hal etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ta'kidlash joizki, shu kunga qadar 864 nafar fuqarolarning ijtimoiy-maishiy muammolari o'z echimini topdi. Jumladan, 119 nafar voyaga etmaganlar ta'limga qaytarildi, 92 nafar ayollarga "Himoya orderi" rasmiylashtirildi, 33 ta oila yarashtirildi, 40 nafar fuqaroning bandligi ta'minlandi. 480 nafar uyushmagan yoshlar bilan profilaktik suhbatlar o'tkazildi. Shuningdek, hududda 31 ta jinoiy va 347 ta ma'muriy holatlar aniqlandi.
Bundan tashqari, tadbirlar davomida, 17 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 9 ta jinoyat fosh etildi, 90 dona o'q-dorilar olib qo'yildi va 32 dona o'qotar qurol ixtiyoriy ravishda topshirildi.
Yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash yo'nalishi bo'yicha 2983 ta qoidabuzarlik aniqlanib, ularga tegishli ta'sir choralari Ko'rildi.
O'rganishlar davomida tuman va shaharlarni jinoyatdan holi namunali va xavfsiz hududga aylantirish, shuningdek, xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi va bu borada tuman-shaharlarda ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosarlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ahvolini o'rganish, hududlardagi sektor rahbarlarining kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirish bo'yicha tashabbuslarining samaradorligi ko'zdan kechirildi.
Qolaversa, ishchi guruh tomonidan viloyat hududida ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat o'tash va yashash sharoitlarini o'rganib, aniqlangan muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Surxondaryo viloyatida ishchi guruh tomonidan tezkor-profilaktik tadbirlar va uchrashuvlar o'tkazish ishlari davom etmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati