IIBga pora evaziga ishga kiritib qo'ymoqchi bo'lgan "shovvoz" qo'lga olindi
Termiz shahar "Bog'ishamol" mahallasida yashovchi I.M. ismli ayolning ichki ishlar idorasiga ishga kirmoqchiligidan xabar topgan A.I. pul undirish payiga tushadi. U ayolga ichki ishlar organiga ishga kiritishini va'da qilib, 5.000.000 so'm miqdorida pullarini olib, yaqinda suhbat bo'lishini aytadi. Lekin suhbatdan o'tish uchun ham yana 1.000.000 so'm berish kerakligini tayinlaydi.
Ayol yana ikkita tanishi shu sohaga va Milliy gvardiyaga kirmoqchi bo'lib yurganini aytadi. A.I. buning uchun esa 2000 AQSh dollari berishini talab qiladi.
Ammo, A.I. ayolning qo'ynini puch yong'oqqa to'ldirib, pullarni olib, jimib ketadi. Aldanganini fahmlagach, I.M. viloyat IIBga ariza bilan murojaat qiladi.
IIV O'XB Surxondaryo viloyati bo'yicha bo'limi, viloyat IIB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo'limi hamda O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo'yicha boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbir jarayonida A.I. Termiz shahar "Xalq banki" filiali yonida o'zining boshqaruvida bo'lgan "Spark" rusumli avtomashinasida fuqaro I.M dan talab qilingan 2000 AQSh dollaridan 1000 AQSh dollarini firibgarlik yo'li bilan olayotgan vaqtida qo'lga olindi.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati