19 May 2020 yil 846

Iftorlik egalari IIB xodimlarini kaltakladi

Bu haqda O'zAga Surxondaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati malum qildi.

Sherobod tumani Balxiguzar mahallasida yashovchi pensioner Boqi Devarov o'g'illari Ibragim hamda Ergash Devorovlar bilan birga mamlakatimizda o'rnatilgan karantin qoidalari hamda Prezidentimizning 2020 yil 20 apreldagi "muborak Ramazon oyini munosib tarzda o'tkazish to'g'risida"gi qaroriga zid ravishda 14 may kuni o'z xonadonida qo'ni-qo'shni va qarindosh-urug'larini to'plab iftorlik o'tkazayotganida qo'lga tushgan.

Bu shaxslar 30 kishini yashash uyiga jamlab, soat 20:30 larda iftorlik berayotgani tuman IIB, Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo'limi va mahalla raisi q.Alimardonovlar tomonidan aniqlangan.

Holat bo'yicha Sherobod tumani IIB xodimlari B.Devarov va uning oila-a'zolariga yurtimizda karantin davom etayotgani tushuntirilib, iftorlik va jamoat bo'lib namoz o'qiyotgani hamda karantin qoidalarini buzganligi uchun ma'muriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirmoqchi bo'lganida, B.Devarovning oila-a'zolari va iftorlikka kelgan qarindoshlari IIB xodimlariga qarshilik ko'rsatadi. Qo'llaridagi narsa va buyumlar bilan kaltaklay boshlaydi. Sherobod tumani IIB HPB TP profilaktika inspektori, leytenant Murodali Xoliqov boshqaruvidagi "Tiko" rusumli avtomashinaga tosh otib, avtomashinaning oynalarini sindirib, jiddiy shikast etkazadi.

Janjal jarayonida leytenant M. Xoliqov "bo'yin va chap qo'l bilak sohasi tirnalib shilinishi" va boshqa tan jarohati olgan.

Shundan so'ng voqea joyiga Sherobod tuman IIB "tergov-tezkor guruhi" xodimlari borganida, ularga ham B.Devarovning farzandlari va qarindoshlari qarshilik ko'rsatib, tuman IIB navbatchilik qismiga tegishli avtomashinaning oyna va kuzovlariga armatura hamda toshlar bilan urib, bu avtomashinaga ham shikast etkazgan. Shuningdek, tuman IIB rahbariyatidan mas'ul bo'lib, voqea joyiga "tergov-tezkor guruhi" tarkibida kelgan Sherobod tumani IIB boshlig'ining tarbiyaviy ishlar bo'yicha o'rinbosari, mayor O'ktam Shukurovga ham "o'ng qo'l bilak pastki uchligi shilingan jarohatlanishi" kabi tan jarohati etkazilgan.

Muborak Ramazon oyida yuz bergan xunuk bu voqea joyiga viloyat IIB TVBSO, PPX va JTSB PPX bataloni xodimlaridan iborat qo'shimcha kuch chaqirilib, ular yordamida B.Devarovning yashash xonadoniga borilganida E.Devorov 1,5 metr uzunlikda bo'lgan armatura bo'lagi bilan to'satdan Surxondaryo viloyati IIB TVBSO ikkinchi ishg'ol qilish guruhi katta serjanti serjant Sobirovning bosh qismiga urib, "bosh miya ochiq jarohati, bosh miya lat eyishi, o'rta og'ir darajasi, bosh, peshona tepa suyagining ochiq maydalanib botib sinishi" kabi jarohat etkazgan. Surxondaryo viloyati IIB TVBSO ikkinchi ishg'ol qilish guruhi katta mutaxassis-kinologi, kichik serjant Abdulla Qarshiev ,"bosh miya chayqalishi, chap yuqori qovoq va pastki lab sohasining qo'porilib, yirtilgan jarohati" kabi tan jarohatlari olib, Sherobod tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Janjal vaqtida shuningdek, fuqaro E. Devarov "bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat eyishi" tashxisi bilan Sherobod tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan

Hodisa sodir bo'lgan vaqtda leytenant M.Xoliqov, mayor O'.Shukurov, katta serjant Sh.Sobirov va kichik serjant A.Qarshievlar xizmat vaqtida, xizmat kiyimida, hushyor holda bo'lgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro E.Devarov va boshqalarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

http://uza.uz/oz/society/iftorlik-egalari-iib-khodimlarini-kaltakladi-15-05-2020

Text to speech