12 Iyul 2024 yil 273

Angor tumanida turizm va xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov turizm, madaniy meros va madaniyat hamda xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Angor tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab, Bolaliktepa madaniy meros obektida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari bilan tanishildi. V-VII asrlarga taalluqli bo‘lgan mazkur yodgorlik birinchi marta 1953-1955 yillarda arxeolog L.Albaum tomonidan o‘rganilgan. O‘rganishlarda katta yer egasi, dehqon hovli qarorgohi bo‘lganligi aniqlangan. Viloyat rahbari restovratsiya ishlarini ko‘zdan kechirib, hududni obodonlashtirish, tumandagi qolgan 20 ta madaniy meros ob’ektlari atrofini ham o‘rash, har bir obekt haqidagi ma’lumotlarni kirish qismiga o‘rnatish topshirig‘ini berdi.

Shundan so‘ng, Madaniyat markazida Angor tumanida probatsiya hisobida turgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazdi va ularning muammolari tinglandi. Tuman mutasaddilariga ro‘yxatdagi xotin-qizlar bilan manzilli ishlab, sog‘lom turmush tarziga qaytishi va boshqa muammolarini hal etish uchun yaqindan ko‘mak ko‘rsatish vazifalari topshirildi.

Uchrashuvdan so‘ng, Madaniyat markazi faoliyati bilan ham tanishildi. Markazda 9 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga 300 dan ortiq yoshlar qamrab olingan. Shuningdek, markazda 3 ta xalq unvoniga ega “Badash”, “Angor”, folklor etnografik xalq ansambli va “Sevinch” bolalar namunali raqs ansambli jamoalari faoliyat yuritib kelmoqda.

Viloyat rahbari keyingi manzilda Ishga marhamat monomarkazida xotin-qizlar tadbirkorligi markazi tomonidan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish jarayonlari bilan tanishdi. O‘quv kurslarida ishtirok etayotgan xotin-qizlar bilan suhbat qilinib, mas’ullarga ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha dasturlar ijrosini to‘liq ta’minlash, bu borada yangi loyihalarni amalga oshirish vazifalari belgilab berildi.

O‘rganish ishlari yakunida tumanning Navro‘z mahallasi hududida tashkil etilishi rejalashtirilgan, 24/7 rejimda faoliyat yuritadigan turizm ko‘chasi taqdimoti bilan tanishildi. Viloyat rahbari ko‘chada zarur infratuzilmalar bo‘lishi, aholining hordiq chiqarishi, sayr qilishi uchun sharoitlar yaratilishi bilan bog‘liq masalalarda o‘zining zarur tavsiya va ko‘rsatmalarini berdi.

Text to speech