28 Oktyabr 2025 yil 173

Surxondaryoda ichki ishlar organlari xodimlarining kasb bayrami o‘zgacha ruhda nishonlanib, kasb egalari sharaflandi

Kuni kecha Termiz shahri markazida qad rostlagan muhtasham “San’at saroyi” majmuasi konsertlar zalida, “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifamiz!” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 25 oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

Bayram munosabati bilan binoning old maydonida maxsus texnikalar saf tortdi, qurol-yaroq va sport yutuqlari namoyishi tashkil etildi. Saroyga kiruvchi yo‘laklar gullar va bannerlar bilan bayramona bezatilib, mehmonlar harbiy orkestr sadolari ostida kutib olindi.

Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyat-shahar-tuman ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylari, xizmat burchini bajarishda halok bo‘lgan fidoiy o‘g‘lonlarning oila a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqib, o‘z nutqida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlovchi Ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabriklab, ular jamiyat xavfsizligini ta’minlashda, inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilishda ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotganligini alohida ta’kidladi.

Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Timur Ismailov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini o‘qib eshittirib, soha xodimlari va faxriylariga, shuningdek, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga o‘zining samimiy tilaklarini yo‘lladi.

Tadbir davomida, tizimdagi samarali mehnati, fidokorona xizmatlari  uchun bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar hamda oila a’zolari Ichki ishlar vazirligi ko‘krak nishonlari, pul mukofotlari, shuningdek, viloyat hokimligi, Mudofaa va hamkor huquqni muhofaza qiluvchi organlar, qolaversa viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Mahmud Namozov hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan, IIOning mashaqqatli mehnatini tarannum etuvchi qo‘shiq, bayram sovg‘asi sifatida ijro etildi. Yuqori saviyada tashkil etilgan bayram dasturida, Ichki ishlar vazirligi Ansanbli san’atkorlari ishtirokida yurtga xos, kasb egalarini sharaflovchi qo‘shiqlar ijro etildi. Bu ijrolar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat baxshida etdi.

Ichki ishlar organlari xodimlari – jamiyatimizning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlovchi sharafli kasb egalaridir. Ular huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyatchilikni oldini olish va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish yo‘lida tun-u-kun mashaqqatli mehnat qiladilar. Ichki ishlar organlari hodimlarining jasorati, professionalligi va vatanparvarligi tufayli jamiyatda xavfsizlik mustahkamlanadi, odamlarning tinch va osoyishta hayot kechirishi ta’minlanadi. Bu kabi e’tibor esa albatta, ularning kelgusidagi xizmat faoliyatlarini yanada samarali tashkil etishlarida turtki bo‘ladi.

Text to speech