29 Oktyabr 2025 yil 191

Denov tumanida "Zo‘ravonlikka ko‘z yumish — unga sherik bo‘lish demak" mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi

Insoniyat tarixida zo‘ravonlik eng og‘ir va illatli ko‘rinishlardan biri sifatida jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘lib kelmoqda. U inson sha’ni, uning qadr-qimmati va huquqlarini poymol etib, tinchlik va adolat tamoyillariga raxna soladi. Bugungi kunda ham zo‘ravonlik turli shakllarda – jismoniy, ruhiy, iqtisodiy, axborot yoki maishiy tarzda namoyon bo‘lmoqda.

Achinarlisi, ba’zi hollarda odamlar o‘z ko‘z o‘nlarida ro‘y berayotgan zo‘ravonlikka ko‘z yumib, undan o‘zini chetga oladi. “Bu mening ishim emas”, “aralashsam, o‘zimga zarar bo‘ladi” degan fikrlar bilan sukut saqlaydilar. Aslida esa sukut – bu ham bir holda sheriklikdir. Zero, zo‘ravonlikka befarqlik uning yanada avj olishiga sababchi bo‘ladi.

Shu kabi dolzarb masalalar doirasida Denov tumanida "Zo‘ravonlikka ko‘z yumish — unga sherik bo‘lish demak" mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Ozoda Karimova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Denov tumani bo‘limi boshlig‘i Ikromjon Irkabaev, tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi Guljamol Elmurodova hamda turli hamkor tashkilotlar va faollar ishtirok etdilar.

Muloqotda ta’kidlanganidek, jabrlanuvchini yolg‘iz qoldirmaslik, unga yordam qo‘lini cho‘zish har birimizning insoniy burchimizdir. Agar sukut saqlasak, bilvosita bo‘lsa-da, zo‘ravonlikning davom etishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Shu bois, har bir fuqaro bu illatga qarshi kurashda faol bo‘lishi zarur.

Bugungi kunda davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan zo‘ravonlikka qarshi keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayollar, bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar huquqlarini muhofaza qiluvchi qonunlar, “ishonch telefonlari”, reabilitatsiya markazlari tashkil etilib, inson huquqlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, zo‘ravonlikka qarshi kurash – faqat biron tashkilot yoki idoraning vazifasi emas. Bu — butun jamiyatning umumiy mas’uliyati. Agar befarq bo‘lmasak, birdamlikda harakat qilsak, faqat shundagina zo‘ravonliksiz va xavfsiz hayotni barpo etishimiz mumkin.

Text to speech